Hukumat aholiga qalinroq kiyinishni tavsiya qilgan, chunki mamlakatning katta qismini sovuq front qamrab olgan va bu kamida bir hafta saqlanib qolishi kutilmoqda.
«Hozircha qor yog‘ishi jiddiy muammo keltirib chiqarmayapti», — deya xabar qilgan BBC muxbiriga Janubiy Afrika meteorologiya xizmati (Saws).
Yoxannesburg aholisi qor bilan qoplangan ko‘chalarga maftun bo‘lib qolgan — bu ular yashaydigan hududda o‘ta noyob hodisa.
«Ayrim o‘quvchilar, men ham ular bilan, qor bilan yaqindan tanishish uchun tashqariga chiqdik… kimdir qor nimaligini biladi, boshqalar esa bu shunchaki boshqacharoq yomg‘ir deb o‘ylashadi», — deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Agnes Mideva.
Uy xodimasi Nobuxosi Stompi BBC bilan suhbatda yo‘lni qor qoplagani tufayli ishga bormagani va hech qachon bunday manzarani ko‘rmaganini aytib bergan.
«Uyimiz issiq, shunday ekan, barchasi joyida, — deya qayd etadi nozir Billi Nksumalo. — Qor hammayoqda yog‘moqda, u rayonimiz atrofidagi dalalarni qoplab oldi — bu chindan ham chiroyli».
Qor Janubiy Afrikaning qator provinsiyalari, jumladan Sharqiy Keyp, Mpumalangu hamda Yoxannesburg va Soueto shaharlarini o‘z ichiga oluvchi Gauteng regionida yog‘gan.
Meteorologlar fermerlarga bunday sovuq haroratda chorva mollari uchun mos issiq og‘ilxonalar topishni tavsiya qilgan.
Hozircha bu g‘ayrioddiy sovuq ob-havo va qor yog‘ishi iqlim o‘zgarishi natijasi yoki unday emasligini aniq aytish qiyin.












