2019 yilning noyabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida Davlat xususiy sherikchilik asosida yurtimizda birinchi quyosh elektrostansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish va qurish maqsadida, Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi kelishuv va Investitsion kelishuv bitimi imzolangan edi.

Mazkur investitsiya loyihasining umumiy qiymati 110 million AQSh dollariga baholangan va «Masdar» kompaniyasi tomonidan yuz foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtiriladi.

Hozirda Karmana tumani Malik mahallasi hududida pudratchi korxona – Xitoy Xalq Respublikasining «SEPKO III» LTD kompaniyasi tomonidan 283 gektar yer maydonda qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Avvalroq, «Masdar» kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyati Zarafshon shahrida shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qo‘yilgani haqida ma'lum qilingandi.