Vazirlar Mahkamasining “Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Navoiy viloyati Karmana shahrida oqava suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Qayd etilishicha:
a) Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan O‘zbekistonga “Navoiy viloyati Karmana shahrida oqava suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish uchun 5 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan 20 yil mobaynida qaytarish muddati bilan 26,7 mln. yevro miqdoridagi qarz ajratilishi ma'qullangan;
b) loyihaning umumiy qiymati 30,0 mln. yevroni, shu jumladan:
Agentlik qarzi – 26,7 mln. yevroni;
loyihani amalga oshirishda O‘zbekistonning hissasi –
qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash, soliq va bojxona imtiyozlari ko‘rinishda 3,3 mln. yevroni tashkil etadi;
v) loyihani amalga oshirish davri 4 yilni (2021-2024 yillar) tashkil etadi.
Belgilab qo‘yilishicha:
“O‘zsuvta'minot” aksiyadorlik jamiyati loyihaning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun zarur tashkiliy-texnik tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilishini, Agentlikning qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini ta'minlaydigan mas'ul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
ijro etuvchi organ huzurida Agentlik qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Agentlik ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish guruhi tashkil etiladi;
Navoiy viloyati hokimligi “O‘zsuvta'minot” AJ bilan birgalikda loyihalarning sifatli amalga oshirilishi va Agentlik qarz mablag‘larining qaytarilishi uchun javobgarlik yuklanadi;
Loyihani amalga oshirish davrida moliyaviy va boshqa xarajatlarni to‘lash Agentlik qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston moliya vaziriga:
O‘zbekiston nomidan Agentlik bilan loyihani amalga oshirish uchun qarz bitimini;
Navoiy viloyati hokimligi va “O‘zsuvta'minot” AJning “Navoiy suv ta'minoti” mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida Agentlik qarzini qayta kreditlash to‘g‘risidagi bitimni imzolash vakolati beriladi.











