Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, ulardan 40 ming donasi Jizzax, Andijon va Toshkent shahri sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari laboratoriyalariga hamda respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga topshirildi. Qolgan 60 mingta testni boshqa viloyatlarga chiqarish rejalashtirilgan.
Ma'lum qilinishicha, Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan yaratilgan test tizimini markaz startaplaridan biri bo‘lgan «Biotest-LAB» tomonidan ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
«Hozirgi kunga kelib respublikada test topshirishga kunlik 20 mingta talab mavjud. «Biotest-LAB» startapi har hafta 100 mingtagacha test tizimini ishlab chiqarish quvvatiga ega.
«Biotest- SARS-CoV-2» reagentlar to‘plami COVID-19’ni qo‘zg‘atuvchi SARS-CoV-2’ning RNKsini real vaqt rejimida PZR usulida burun-halqum shilliq pardasida aniqlash uchun ishlab chiqilgan. Mahalliy PZR test tizimiga reaksiyalarning sifatini tekshiruvchi ko‘rsatkichlar ham kiritilgan. Bu ekspress-test emas, balki to‘laqonli test bo‘lib, natijalar 5-6 soatdan keyin aniq bo‘ladi hamda faqat maxsus laboratoriyalarda qo‘llash mumkin», deyiladi vazirlik axborotida.
Avvalroq Ilg‘or texnologiyalar markazi biotexnologlari tomonidan COVID-19 koronavirusini aniqlash bo‘yicha test tizimi ishlab chiqilgani va 50 mingta test tizimini ishlab chiqarish imkoniyati mavjudligi ma'lum qilingan edi.












