Hukumat qaroriga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va kompensatsiya berish ishlarini muvofiqlashtirish sho‘'basi tashkil etildi.

Sho‘'baga quyidagi vazifalar yuklatildi:

buziladigan ko‘chmas mulk obektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish uchun yetarli resurslar (mablag‘lar, yer uchastkasi va boshqa mulk) mavjudligini o‘rganish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashiga kiritish uchun bo‘lajak qurilish obektining loyiha hujjatlarini taqdimot materiallari shaklida tayyorlash;

olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlari mulkdorlari bilan ochiq muhokamani tashkil etish;

yer uchastkasi olib qo‘yilishi tashabbuskori va ko‘chmas mulk obektlari mulkdorlari o‘rtasida tuzilgan, kompensatsiya miqdori, turi va berish muddati nazarda tutilgan kelishuvlar hisobini yuritish;

kompensatsiyalar o‘z vaqtida va to‘liq berilishining doimiy monitoringini olib borish;

yer uchastkalari olib qo‘yilishi, kompensatsiya berilishi, ko‘chmas mulk obektlari buzilishi, shuningdek, olib qo‘yilgan yer uchastkasida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari haqida Vazirlar Mahkamasiga ma'lumotlar kiritib borish.

Zarur hollarda tuman (shahar) hokimliklarida yer uchastkalari olib qo‘yilishi va kompensatsiya berish ishlari bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi kiritilishi mumkin.