Tashrifning dastlabki kunida ular Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasida o‘tkazilgan rasmiy ochilish marosimida ishtirok etishdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev nutq so‘zlab, kongressning asosiy maqsadi - O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida qisqacha ma'lumot berib o‘tishdi.

Video: Facebook

Video: Mover (tas-ix)

Instagram, Facebook va Youtube videohostingida millionlab obunachilarga ega bo‘lgan blogerlar to‘rt kun davomida Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarida bo‘lib, O‘zbekistonning turistik salohiyatini ochib beruvchi ajoyib foto, video va yozma materiallar tayyorlashdi. Kun.uz ijodiy jamoasi safar davomida ularga hamrohlik qildi.

Sayohat Xiva shahridan boshlandi. U yerda inflyuyenserlar Ichan qal'a hududidagi mehmonxonalarga joylashtirilib, o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun kerakli sharoitlar yaratib berildi. Xorijlik blogerlar Xivadagi Islomxo‘ja minorasi, Kalta Minor tarixiy obidasi va shaharning boshqa me'moriy yodgorliklarini suratga olib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashdi.

Buxoro shahriga uyushtirilgan safar davomida u yerdagi Ko‘hna Ark, Minorai Kalon inshooti, Labi-hovuz ansambli va boshqa obidalar sayyohlar e'tiborini tortdi.

Samarqandda tashkil etilgan «Sharq taronalari» XII xalqaro musiqa festivali ochilish marosimi doirasida inflyuyenserlar prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, davlat rahbari bilan «selfi»ga tushish imkoniga ega bo‘lishdi. Prezident ularni xalqaro maydonda O‘zbekiston imijini oshirishda ko‘maklashishga chaqirdi. Tadbirdan so‘ng Registon, Shohi Zinda majmualari va Go‘ri Amir maqbarasiga sayohat tashkil etildi.

World Influencers Congress g‘oyasi muallifi Behruz Hamzayevning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq yulduzlarining O‘zbekistonga sayohati hech qanday gonorar to‘lovlarisiz, safar xarajatlari qoplanishi sharti bilan amalga oshirilgan. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ushbu loyiha ortidan qisqa fursatda O‘zbekistonga keladigan sayyohlar soni keskin ortishiga ishonch bildirmoqda.