Toshkentning «Paxtakor» klubi Osiyoning klublar o‘rtasidagi musobaqalarida yubiley g‘alabasini qo‘lga kiritdi. «Persepolis» bilan o‘yinda «Paxtakor» klublar o‘rtasidagi qit'a musobaqalarida 50-g‘alabasini tantana qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Manbada aytilishicha, «Paxtakor» 44 ta g‘alabani Chempionlar Ligasida, 6 ta g‘alabani esa Osiyo kubok egalari kubogida qo‘lga kiritgan. «Paxtakor»ning OChLda to‘plagan ochkolari soni 150 taga yetdi va jamoa bu borada Osiyoda 11-o‘rinda bormoqda.

«Paxtakor» OChLda o‘tkazilgan o‘yinlar borasida oltinchi (97 ta o‘yin), g‘alabalar soni bo‘yicha to‘qqizinchi (44 ta g‘alaba) o‘ringa joylashgan. «Persepolis»ga qarshi o‘yinda yagona golga mualliflik qilgan Igor Sergeyev «Paxtakor» safida Osiyo Chempionlar Ligasidagi 9-golini urdi. Igor «Paxtakor»ning OChLdagi to‘purarlari ro‘yxatida Leonid Koshelev (11 ta gol) va Zayniddin Tojiyevdan (13 ta gol) keyingi 3-o‘ringa chiqib oldi.