Xitoyning Shenchjen shahrida joylashgan internet-kafelardan birida mijozga shoshilinch yordam kerakligini ikki kun o‘tib sezishdi, deya xabar beradi CCTV telekanali.

Ma'lum bo‘lishicha, 42 yoshli erkak 31 mart kuni internet-kafega kelgan va 2 aprelgacha o‘sha yerda o‘tirgan, u o‘z joyini tark etmagan. Xodimlar erkakning yordamga muhtojligini sezishgani zahoti uni shifoxonaga yetkazishgan. Bu vaqtga kelib uning oyoq-qo‘llari muzlagan, nutqi yo‘qolgandi.

Tibbiyot xodimlari tekshiruv o‘tkazib, erkakning miyasiga qon quyilganini aniqlashdi. Ta'kidlanishicha, bunday holatlarda ilk 3-6 soatda tibbiy aralashuv zarur, biroq falajlangan kishini sezishganida ikki sutka o‘tib bo‘lgandi.