Xitoy Transport vazirligi ma’lum qilishicha, yangi transport tizimining asosini uchta milliy avtomagistral - G219, G331 va G228 tashkil etadi. Ularning umumiy uzunligi 27 ming kilometrdan ziyod bo‘lib, mamlakatning deyarli butun perimetrini qamrab olgan ulkan halqani hosil qiladi.

Ushbu uch magistral Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni, Lyaonin viloyati hamda Guansi-Chjuan avtonom rayonida o‘zaro tutashadi. Shu tariqa, mamlakatning shimoli, g‘arbi, janubi va sharqiy sohillarini yagona transport tarmog‘iga birlashtiruvchi tizim shakllanadi.

Transport halqasining eng uzun qismi - G219 avtomagistrali bo‘lib, uning uzunligi qariyb 10 ming kilometrni tashkil etadi. U Shinjondagi Kanas hududidan boshlanib, Guansidagi Dunsin shahrigacha yetadi. Yo‘l cho‘llar, Tsinxay–Tibet tog‘ligi, Himolay tog‘lari, chuqur daralar, muzliklar va botqoq hududlar orqali o‘tadi.

G331 magistrali taxminan 9,2 ming kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, Lyaonindagi Dandun shahridan Shinjondagi Oltoy shahrigacha boradi. U Xitoyning shimoliy chegaralari, Ichki Mo‘g‘uliston dashtlari hamda mamlakatning yirik qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik va energetika hududlarini kesib o‘tadi.

Sharqiy va janubiy sohil bo‘ylab o‘tuvchi G228 magistrali esa qariyb 7,4 ming kilometr uzunlikka ega. U Dandun va Dunsin shaharlarini bog‘lab, o‘nlab port shaharlari hamda Yanszi va Chjutszyan (Marvarid) daryolari havzalarini o‘zaro tutashtiradi.

Xitoy Transport vazirligiga ko‘ra, mazkur loyiha nafaqat avtomobil yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish, balki mamlakatning chegara hududlarini rivojlantirish, tabiiy resurslarni o‘zlashtirish va ichki turizmni rag‘batlantirishga ham xizmat qiladi. Shuningdek, transport halqasi yuzlab tabiiy va tarixiy obidalarni, yirik sanoat, energetika va qishloq xo‘jaligi markazlarini o‘zaro bog‘laydi.

Loyiha doirasida 100 dan ortiq yirik chegara o‘tish punktlari va ko‘plab dengiz portlari yagona transport tarmog‘iga integratsiya qilinadi. Bu esa logistika samaradorligini oshirish, tashqi savdoni rivojlantirish hamda chegara hududlarining iqtisodiy va transport salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.