O‘z jadvallarida o‘zgarishlar kiritilganini mamlakatning yetakchi aviakompaniyalari ma'lum qilishdi. Japan Airlines va All Nippon Airways o‘nlab yo‘nalishlardagi reyslar, loukoster Peach Aviation esa 60 dan ko‘proq reysning bekor qilinishini ma'lum qildi.

To‘fon bu mavsumda Tinch okeanida kuzatilayotgan 21-to‘fon bo‘ldi. Ob-havo mutaxassislari ma'lumotlariga ko‘ra, to‘fon ayni vaqtda Okinavadan janubda kuzatilib, Yaponiyaning bosh oroli Xonsyu tomon soatiga 35 km tezlik bilan harakatlanmoqda.

To‘fondan bir necha yuz kilometr radiusda kuchli yomg‘irlar va shamol qayd qilinmoqda, shu sababli to‘fon ta'sirini Sikoku oroli aholisi sezmoqda, yaqin orada Tokay aholisi ham uni seza boshlaydi.

Shuningdek, yaqin soatlarda Tokio joylashgan hududda ob-havo yomonlashishi kutilmoqda. Hozirdayoq u yerda yomg‘ir yog‘ib, osmonni quyuq bulutlar qoplagan To‘fon Tokioga 23 oktabrga o‘tar kechasi yetib boradi.

Mutaxassislar to‘fon o‘tishi sababli aholini daryolar toshishi va ko‘chkilar yuz berishidan ogohlantirishmoqda. Sohilbo‘yi aholisi ayniqsa ogohroq bo‘lishga chaqirilmoqda, bu hududlarda to‘lqinlar balandligi 10 metrdan oshishi mumkin.

Bugun, 22 oktabrda Yaponiyada parlamentning quyi palatasiga muddatdan avval saylovlar bo‘lib o‘tadi. Mutaxassislarning fikricha, yomon ob-havo saylovlardagi davomatga jiddiy ta'sir qilishi mumkin. Kyodo axborot agentligining ma'lum qilishicha, to‘fonning saylovlarga bunday ta'siri 1979 yilda kuzatilgan edi.