Dastlabki e'tiroz Butan tomonidan bildirilgan bo‘lib, bu davlat Xitoyni "xalqaro huquq normalarini ochiq buzish va sanksiyalashtirilmagan yo‘l qurilishini boshlash"da ayblagan. Ziddiyatning asl mohiyati aynan Doklam Platosida yashiringan bo‘lib, agar hudud xitoyliklar tomonidan nazorat qilinsa, Hindiston shimoli-sharqiy shtatlaridagi bufer himoyasini yo‘qotadi va bu ularning geosiyosiy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi.
Butan va Hindiston xalqlarini uzoq yillik qo‘shnichilik, etnik-madaniy va diniy omillar bog‘lab turadi. Qolaversa, hind harbiy kuchlari Butan yerlarida tez-tez armiya mashg‘ulotlarini o‘tkazib turishi sir emas.
XXR Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Lu Kangning aytishicha, Doklam hech qachon Butanga tegishli hudud bo‘lmagan, tarixan bu yerlar Xitoy imperiyasiga qarashli edi.
"Bu yerda qurilish loyihasini boshlashimizning eng asosiy sababi ham shu: Doklam Platosi Butanga tegishli emas, hattoki Hindistonga ham", deydi u. Eslatib o‘tamiz, Xitoy va Butan mamlakatlari o‘rtasida shu kungacha rasmiy diplomatik munosabatlar mavjud emas.











