Muhammad ibn Salmon 21 iyun kuni uning otasi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud valiahdni o‘zgartirish haqidagi farmonni imzolagandan so‘ng valiahd shahzodaga aylangandi: jiyani Muhammad ibn Noif o‘rniga qirolning 31 yoshli o‘g‘li taxt vorisi, deb e'lon qilingandi. Muhammad ibn Noif ichki ishlar vaziri lavozimidan ham mosuvo bo‘ldi, Muhammad ibn Salmon esa mudofaa vaziri lavozimi va hukumatda bosh vazir o‘rinbosarligini saqlab qoldi.
Amerika va Saudiya arboblarining Wall Street Journal nashriga ma'lum qilishicha, qirollik oilasining o‘zgacha fikrlovchilarga qarshi kurashish kampaniyasiga ba'zi aktivistlar va blogerlarni monitoring qilish, hattoki ularning ijtimoiy tarmoqlaridagi akkauntlariga buzib kirish ham kiradi. Ba'zi aktivistlar va diniy arboblar IIVga suhbatga ham chaqirilgan. Nashrning manbalariga ko‘ra, ulardan biriga agar faoliyatiga yakun yasamasa, zindonband qilinishi tushuntirilgan.
Gazeta o‘z xabarlarida tayanayotgan ayrim mulozimlarning aytishicha, yangi valiahd shahzoda Muhammad ibn Noifning harakatlanishini chegaralab qo‘ygan, shuningdek, Muhammad ibn Noif hech qanday g‘alamislikka qo‘l urmasligiga ishonch hosil qilib turish uchun oldingi vorisning tansoqchilarini qirollik oilasiga sodiq askarlar bilan almashtirgan.
Ilgari sobiq valiahd shahzodaga mamlakatdan chiqish taqiqlab qo‘yilgani, uning o‘zi esa Jiddadagi saroyida uy qamog‘ida ekanligi haqida xabarlar tarqatilgandi. Keyinroq Reyter agentligi Saudiya rasmiylariga asoslanib, bu xabarni rad etgandi.











