NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg AQSh tomonidan Suriyadagi aviabazaga raketa zarbalari yo‘llangani uchun mas'uliyatni mamlakat rahbariyati zimmasiga yukladi. 

«O‘nlab kishilar hamda bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan Xan-Sheyxundagi dahshatli kimyoviy hujum ortidan AQSh Suriyadagi Shayrat aerodromiga hujum qildi. Suriyadagi rejim bu hodisa uchun to‘la javobgar», — deyilgan alyans saytida e'lon qilingan bayonot matnida.

Qayd etilishicha, NATO Suriyadagi siyosiy barqarorlik o‘rnatilishiga qaratilgan barcha harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bundan oldinroq AQSh Stoltenbergni bo‘lajak hujum haqida oldindan xabardor qilgani ma'lum bo‘lgandi.