Elektron uskunalar qurilmasining ishlashi boshqaruvchi elektronikada tanlangan tartibga uzviy ravishda o‘zgaradi. Standart tartibda katta ekran ishlaydi. Unda bortkompyuterning masofa va yoqilg‘i sarfi, tezlik, tanlangan uzatma, yoqilg‘i zaxirasi, odometr va boshqa ma'lumotlarga doir raqamlari aks etadi. 

Trek tartibida (yoki maxsus tugma bosilgach) katta ekran avtomatik ravishda aylanib, kichik tor ekran ishga tushadi. Unda motor aylanmasi, tezlik, tanlangan uzatma va uzatma bosqichini almashtirish uchun qulay vaqtni ko‘rsatuvchi turli ranglar jilolanadi. 

McLaren kompaniyasining ishontirishicha, kichik ekran  — trek bo‘yicha harakatlanishda juda qo‘l keladi, chunki unda ortiqcha ma'lumotlar talab qilinmaydi. 

Superkar karbonli monokok, 4.0 litrli, 720 ot kuchiga yaqin V8 motorga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, moslashuvchan shassi, boshqaruv elektronikasida maxsus drift-tartib va faol aerodinamik elementlar o‘rnatiladi. Kupe 0dan soatiga 200 km tezlikka 7,8 soniyada erishadi. Bu tezlikdan to‘liq to‘xtash 4,6 soniyani tashkil etadi.