Trampning inaguratsiyasi 2017 yilning 20 yanvarida bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng u kongressga o‘z hukumatidagi vazirlar lavozimlariga nomzodlarni rasman taqdim etadi.
Reks Tillerson 64 yoshda. U Ostindagi Texas Universitetini tugallagan. Tillerson taxminan 40 yildan beri ExxonMobil'da xizmat qiladi. U o‘z faoliyatini oddiy muhandislikdan boshlagan. 1990-yillarda u kompaniyaning Rossiyadagi loyihalarini boshqargan.
Tillerson ExxonMobil'ni 2006 yildan buyon boshqarib keladi. 2011 yilda u "Rosneft" bilan Arktikada burg‘ulashga doir shartnomani imzolagan. 2014 yilda Barak Obama ma'muriyati tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar tufayli ExxonMobil loyihadagi ishtirokini to‘xtatishiga to‘g‘ri kelgan. Tillerson mazkur sanksiyalarga nisbatan e'tiroz bildirgan.











