Narasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, yuqori toifadagi elektrokar Atvus deb nomlanadi. Unga ikkita elektromotor (old va orqa o‘qlarga bittadan) o‘rnatiladi. Ularning umumiy quvvati 900 ot kuchiga teng bo‘ladi. Akkumulyatorlar hajmi 87 kVt/soatni tashkil etadi.

Avvalroq, Atieva deb nomlangan Lucid Motors firmasi avtomobilning intereri va ekstereriga doir suratlarni namoyish qilgandi. Shunday qilib, aytish mumkinki, Atvus elektrokarining tomi shaffof, priborlar paneli to‘liq raqamli bo‘ladi. Bundan tashqari, muqobil boshqaruv tizimi hamda ayrim funksiyalarni ovoz yordamida boshqarish imkoniga ega bo‘ladi.
Atvus modelining taqdimoti 16 noyabrda, Los-Anjyeles avtoko‘rgazmasida tashkil etilishi ham mumkin.

Lucid Motors startapining bosh idorasi Kaliforniyada joylashgan bo‘lsa-da, Xitoy firmalari tomonidan moliyalashtiriladi. Xususan, sarmoyadorlardan biri LeEco konglomerati hisoblanadi. Ayni kompaniya Faraday Future elektrokarlarini ham ishlab chiqaradi. Yaqin orada Lucid Motors yiliga 20 ming elektromobil ishlab chiqaradigan zavodini barpo etishni rejalashtirmoqda. Keyinchalik bu raqam 130 mingga yetkaziladi.











