Metamfetamin (pervitin) o‘tgan asrda Temmler Werke nemis firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, kuchli stimulyator sifatida qo‘llanilgan. Uni kotibalardan tortib aktyorlargacha barcha iste'mol qilgan. Pervitin o‘sha davrlarda hatto konditerlik mahsulotlariga ham qo‘shilgan. Shokolad ishlab chiqaruvchi firma giyohvand modda qo‘shilgan mahsulotini uy ishlarini bajarishdan oldin ayollarga tavsiya qilgan. Bu albatta, qisqa vaqt ichida barcha ishlarni qoyilmaqom bajarishga imkon bergan. 

Bundan tashqari, nemis armiyasi ham metamfetamindan faol foydalangan. Shifokorlar pervitinni charchoqqa qarshi ajoyib vosita deb bilishgan. Xususan, Vermaxt askarlari Fransiyani egallab olish chog‘ida kuniga bittadan tabletka iste'mol qilgan. Tungi vaqtlarda bu raqam 3-4tani tashkil etgan. Olerning fikricha, aynan pervitin sabab Fransiya istilo qilingan. 

Muallifning ta'kidlashicha Gitler ham g‘irt bangi bo‘lgan. U 1941 yili xastalanganda, shaxsiy shifokori Teodor Gilbert Morell unga Eukodal (oksikodon)ni bera boshlagan. Bu dori og‘riq qoldiruvchi va kuchli eyforiyani paydo qiluvchi malham hisoblangan. Keyinchalik Gitler kuniga ikkitadan inʼeksiya qabul qila boshlagan, bundan tashqari oksikodonga qo‘shimcha ravishda quloq og‘rigiga qarshi tavsiya qilingan kokaindan ham ko‘p iste'mol qilgan. Reyxsfyurer umrining oxirgi pallalarida, Olerning aytishicha, sanoqli kunlari qolgan bangi edi.