Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 8-avgust kuni Serbiyaga rasmiy tashrif bilan boradi. Bu uning 2019-yilda prezidentlik lavozimiga kirishganidan hamda Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga qarshi to‘liq bosqini boshlanganidan beri Belgradga amalga oshirayotgan ilk safari bo‘ladi.
AFP agentligiga suhbat bergan yuqori lavozimli ukrainalik amaldorga ko‘ra, tashrifning asosiy maqsadlaridan biri Serbiya bilan munosabatlarni faollashtirishdir. Manbaning ta’kidlashicha, Kiyev Belgradni Moskva ta’siridan uzoqlashtirishga intilmoqda.
Serbiya Yevropada Rossiyaga nisbatan eng do‘stona munosabatdagi davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin ham Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etmagan va energetika sohasida Rossiya bilan yaqin hamkorlikni saqlab qolgan.
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 2022-yildan keyin kamida ikki marta Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan shaxsan uchrashgan. Jumladan, u 2025-yil 9-may kuni Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etgan.
Shu bilan birga, Zelenskiy va Vuchich urush boshlanganidan buyon uch marta shaxsan muloqot qilgan. Ular 2023-yilda Kishinyov va Afinada, 2025-yilda esa Odessada o‘tkazilgan «Ukraina – Janubi-Sharqiy Yevropa» sammiti doirasida uchrashgan.
Serbiya rasman Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilayotgan bo‘lsa-da, Bryussel Belgradning Rossiya bilan yaqin munosabatlarini bir necha bor tanqid qilgan. Mamlakat energetika sohasida Rossiyaga qaram bo‘lib qolmoqda, shuningdek, urush boshlanganidan keyin o‘n minglab rossiyaliklar uchun asosiy ko‘chib o‘tish yo‘nalishlaridan biriga aylangan.











