Visual Capitalist taqdim etgan infografikada 2005-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda sakkizta yirik iqtisodiyotning jahon qayta ishlash sanoatidagi ulushi qanday o‘zgargani ko‘rsatilgan.
Hisob-kitoblar AQSh Iqtisodiy tahlil byurosi va Jahon bankining eng so‘nggi mavjud ma’lumotlariga asoslangan. Mamlakatlarning ulushi qayta ishlash sanoatida yaratilgan qo‘shilgan qiymat asosida, joriy AQSh dollarida hisoblangan.
2005-yilda Yevropa Ittifoqi yetakchi edi
2005-yilda jahon qayta ishlash sanoatida yaratilgan qo‘shilgan qiymatning 24 foizi Yevropa Ittifoqi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yevropaning eng yirik iqtisodiyoti va dunyo avtomobilsozlik sanoatining asosiy markazlaridan biri bo‘lgan Germaniyaning o‘zi global ko‘rsatkichning 7 foizdan ortig‘ini ta’minlagan.
Atlantika okeanining narigi tomonida AQSh ishlab chiqarish ko‘lami bo‘yicha Yevropa Ittifoqidan deyarli qolishmagan. Mamlakatda o‘nlab yillar davomida deindustrializatsiya jarayoni kechganiga qaramay, AQSh o‘sha paytda alohida davlat sifatida dunyoning eng yirik ishlab chiqaruvchisi bo‘lib qolgan.
AQSh og‘ir sanoatining katta qismi mamlakatning O‘rta G‘arb shtatlarida joylashgan edi.
Yaponiya jahon sanoatining 13 foizini ta’minlagan
2005-yilda yana bir yirik sanoat markazi Yaponiya edi. Mamlakat hissasiga jahon qayta ishlash sanoatining qariyb 13 foizi to‘g‘ri kelgan.
Yaponiya an’anaviy ravishda elektronika, avtomobilsozlik va iste’mol tovarlari ishlab chiqarishda kuchli mavqega ega bo‘lgan. O‘sha davrda sanoat mamlakat iqtisodiyotining beshdan bir qismidan ko‘prog‘ini tashkil etgan.
Yaponiyadan keyin Xitoy 9 foiz, Janubiy Koreya esa 3 foiz ulush bilan joylashgan.
Hindiston, Meksika va Rossiyaning har biri jahon qayta ishlash sanoatida taxminan 2 foizlik ulushga ega bo‘lgan.
Xitoyning ulushi 20 yilda uch barobar oshdi
Keyingi ikki o‘n yillikda jahon ishlab chiqarish sanoatida eng katta o‘zgarish Xitoy hisobiga yuz berdi.
2005-yilda global qayta ishlash sanoatining 9 foizini ta’minlagan Xitoyning ulushi 2025-yilga kelib 27 foizga yetgan. Ya’ni mamlakatning jahon sanoatidagi ulushi 20 yil ichida uch barobar oshgan.
Natijada Xitoy 2025-yilga kelib AQSh va Yevropa Ittifoqining har biridan 10 foiz punktga oldinga chiqqan.
Xitoyning sanoat derjavasiga aylanishida mamlakat iqtisodiyotining liberallashtirilishi va 2001-yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi muhim rol o‘ynagan.
Katta va nisbatan arzon ishchi kuchi, hududlarda taqdim etilgan turli soliq imtiyozlari ham Xitoyga transmilliy korporatsiyalarni jalb qilish imkonini bergan. Bu jarayon ishlab chiqarish sohasiga milliardlab dollarlik investitsiyalar kirib kelishini tezlashtirgan.
Natijada 2015-yilga kelib Xitoy global qo‘shilgan qiymatdagi ulushi bo‘yicha dunyoning eng yirik ishlab chiqarish iqtisodiyotiga aylangan.
AQSh, Yevropa va Yaponiyaning umumiy ulushi kamaydi
Xitoyning jahon sanoatidagi ulushi keskin oshishi bilan bir vaqtda AQSh, Yevropa Ittifoqi va Yaponiyaning umumiy hissasi sezilarli qisqargan.
2005-yilda ushbu uch yirik iqtisodiy markaz birgalikda jahon qayta ishlash sanoatidagi qo‘shilgan qiymatning 59 foizini ta’minlagan.
2025-yilga kelib ularning jami ulushi 39 foizgacha tushgan.
Shunday qilib, 20 yil ichida AQSh, Yevropa Ittifoqi va Yaponiyaning global sanoatdagi umumiy ulushi 20 foiz punktga kamaygan.
Biroq bu raqamlar ushbu mamlakatlarda ishlab chiqarishning mutlaq hajmi shuncha miqdorda qisqarganini anglatmaydi. Ko‘rsatkich, birinchi navbatda, dunyo bo‘yicha sanoat qo‘shilgan qiymatining geografik taqsimoti o‘zgarganini, xususan, Xitoy va boshqa rivojlanayotgan iqtisodiyotlarning tezroq o‘sganini ko‘rsatadi.
Hindiston ham o‘z ulushini oshirdi
Meksika, Rossiya va Janubiy Koreyaning global qayta ishlash sanoatidagi ulushi 2005–2025-yillar davomida nisbatan barqaror saqlanib qolgan.
Hindistonda esa o‘sish kuzatilgan. Mamlakatning jahon ishlab chiqarishidagi ulushi 2 foizdan 3 foizga ko‘tarilgan.
Hindiston hukumati mamlakatga sanoat sohasida yanada ko‘proq xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga intilmoqda. Bu orqali Hindiston global ishlab chiqarish va logistika zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirishni maqsad qilgan.
Umuman, 2005–2025-yillardagi ko‘rsatkichlar jahon sanoat markazi G‘arb va Yaponiyadan tobora Osiyo tomon siljiganini ko‘rsatadi. Bu jarayonda eng katta o‘zgarish Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan: mamlakat 20 yil ichida 9 foizlik ulushdan 27 foizga chiqib, global qayta ishlash sanoatidagi eng yirik kuchga aylangan.
2005–2025: dunyo ishlab chiqarish markazi qanday o‘zgardi?
09:144695 min
So‘nggi 20 yilda jahon qayta ishlash sanoatining geografiyasi sezilarli darajada o‘zgardi. 2005-yilda global ishlab chiqarishda Yevropa Ittifoqi va AQSh yetakchilik qilgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib Xitoy 27 foizlik ulush bilan dunyoning eng yirik ishlab chiqarish iqtisodiyotiga aylandi.











