«Sherobod sement zavodi»ning 100 foizlik hamda «Sharg‘unkumir»ning 99,55 foizlik davlat ulushlari yagona lot sifatida sotuvga chiqarilgan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, maskur korxonalarni sotib olish bo‘yicha 6 nafar mahalliy va xorijiy investordan ariza kelib tushgan. Xususiylashtirish bo‘yicha konsultant sifatida Alkes Research kompaniyasi jalb qilingan.

«Konsultant tomonidan kelib tushgan arizalar mazkur bosqich uchun e’londa belgilangan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, barcha talabgorlar e’londa belgilangan talablarga to‘liq muvofiq deb topildi. Ularga keyingi zarur qadamlar bo‘yicha individual xatlar, shuningdek, xususiylashtirish jarayonining navbatdagi - Majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni (BO) taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun jarayonni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi xat (Process Letter) yuboriladi», deyiladi Davaktiv xabarida.

Majburiy takliflarni qabul qilish 10 sentyabr soat 23:59 gacha davom etadi. Talabgorlar shu sanagacha taklif qilinayotgan summaning kamida 1 foizini zakalat sifatida E-Auksion’dagi shaxsiy kabineti orqali kiritishi kerak.

«Sherobod sement zavodi» - Surxondaryo viloyatida joylashgan bo‘lib, yiliga 1,5 mln tonnagacha sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxonaga umumiy maydoni 57,5 ming kvadrat metr bo‘lgan bino va inshootlar, 84 gektar doimiy foydalanishdagi yer uchastkasi hamda 500,7 gektar yer osti boyliklari mavjud bo‘lgan hudud tegishli hisoblanadi.

«Sharg‘unko‘mir» ham Surxondaryo viloyatida joylashgan O‘zbekistondagi yirik toshko‘mir qazib oluvchi korxonalardan biridir. Kompaniya yiliga qariyb 900 ming tonna ko‘mir qazib oladi. Uning 12,5 kilometr uzunlikdagi o‘z temiryo‘l tarmog‘i hamda ko‘mirni boyitish fabrikasi mavjud.