AQSh-Eron urushi

Urush tugashi istiqbollari xira tortayotgan bir paytda, AQSh va husiylar seshanba kuni kemalarga qilingan alohida hujumlar haqida xabar berdi.

Qizil dengizning janubiy qismida, Bob al-Mandab bo‘g‘ozida seshanba kuni kichik yuk kemasiga qilingan hujum oqibatida ekipajning to‘rt a’zosi halok bo‘ldi. Shuningdek, Yamandagi husiylarga qarshi harbiy guruhning ikki qutqaruvchisi ham halok bo‘lgan. Hujumga uchragan «Tihamah» kemasi Misrga tegishli bo‘lgan.

Husiylar Bob al-Mandab bo‘g‘ozida harbiy texnika olib ketayotgan Saudiya kemasiga hujum qilganini bildirdi. Saudiya Arabistoni bu xabarga munosabat bildirmadi.

Kecha, shuningdek, AQSh harbiylari vertolyotdan Panama bayrog‘i ostidagi yuk kemasiga ikkita «Hellfire» raketasini uchirdi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligining ta’kidlashicha, kema dengiz qamalini buzishni to‘xtatish bo‘yicha takroriy ogohlantirishlarga e’tibor bermagan. Dengiz xavfsizligi bo‘yicha manbalar kemaga Ummon ko‘rfaziga suzib kirayotgan paytda, Pokiston qirg‘oqlari yaqinida zarba berilganini aytmoqda.

So‘nggi ikki kun ichida Eron ham, Qo‘shma Shtatlar ham o‘z ritorikasini keskinlashtirdi.

Yakshanba kuni Eron harbiy qo‘mondonlaridan biri «Amerika o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirmas va Eronning shartlarini qabul qilmas ekan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilmasligini» aytgandi.

Erondagi Muhofizlar korpusi qo‘mondoni maslahatchisi Muhammad Rizo Naqdiy esa seshanba kuni korpus «dushman hududida» operatsiyalar o‘tkazish qobiliyatini rivojlantirayotganini aytdi. «Biz qachonki zarurat tug‘ilsa va buyruq berilsa, operatsiyalarni dushman hududiga ko‘chira olishimiz kerak. Bu erishilishi kerak bo‘lgan hujumkor doktrinaning o‘ziga xos xususiyatidir», dedi u.

Ohayoda jurnalistlarga gapirgan Tramp esa «Eronda hammasi yaxshi ketayotganini» aytdi.

«Biz Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazorat qilyapmiz.Boshqa hech kim emas, faqat biz. Agar o‘ylab qarasangiz, 51 yil davomida Yaqin Sharqning zo‘ravoni bo‘lib kelgan davlat bor... va ular endi Yaqin Sharq zo‘ravoni emas», dedi u.

Rossiya-Ukraina urushi

Ukraina va Rossiya kecha tunda ham bir-biriga zarba berishni davom ettirdi. Prezident Zelenskiy esa Moskvani Shimoliy Koreya raketalaridan foydalanishda aybladi.

Ukraina rasmiylarining aytishicha, Rossiya tunda 120 ta dron va turli xildagi raketalarni uchirgan. Biroq birinchi marta otilgan yoki urib tushirilgan raketalar soni ma’lum qilinmadi.

Ukraina tomoniga ko‘ra, Zaporijjya shahriga qilingan hujumda yetti kishi halok bo‘lgan, kamida 24 kishini jarohatlagan. Zelenskiy ushbu zarbalarda Rossiya ittifoqchisining ballistik raketalarini qo‘llaganini aytdi, ammo u o‘z so‘zlarini tasdiqlovchi hech qanday dalil keltirmadi.

Bu Zelenskiy va boshqa mulozimlarning Rossiyani Shimoliy Koreyadan harbiy yordam olayotganlikda birinchi bor ayblashi emas. Dam olish kunlarida Ukraina prezidenti Rossiyaga 50 minggacha Shimoliy Koreya askari yuborilayotgani haqida ham gapirgandi.

Rossiyaning ushbu hujumlari Ukraina dronlari Tataristonga zarba berib, 15 kishi, jumladan, 8 nafar o‘zbekistonlikni o‘ldirganidan bir kun o‘tib sodir bo‘lmoqda.

Ukraina esa kecha Rossiya g‘arbidagi Voronej shahrida «Wildberries» omborlariga zarba berdi. Ushbu kompaniya so‘nggi haftalarda bir necha bor nishonga olingan.

«Wildberries» hali hujumni tasdiqlamadi, ammo Ukraina bilan chegaradosh viloyatdagi ob’yektlari evakuatsiya qilinganini bildirdi.

Asadga o‘lim jazosi berildi

Suriya sudi seshanba kuni sobiq diktator Bashar al-Asadni sirtdan o‘lim jazosiga hukm qildi.

Sud sobiq prezidentga «bir necha kishini va bolalarni qasddan o‘ldirish, qiynoqlar, asossiz hibsga olishlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar» uchun o‘lim jazosi tayinlagan.

Sudya Asadning ukasi - namoyishlarni bostirish, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va savdosiga boshchilik qilganlikda ayblangan To‘rtinchi zirhli diviziya rahbari Mohirga ham sirtdan o‘lim jazosi berdi.

Shuningdek, 2011-yilda Asadga qarshi ilk namoyishlar boshlangan janubiy provinsiyadagi xavfsizlik mulozimi Atif Najibga ham o‘lim jazosi tayinlandi. Asadlarning amakivachchasi bo‘lgan Najib 2025-yil boshida Suriya xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olingandi. U sudda shaxsan ishtirok etgan yagona ayblanuvchi bo‘ldi.

Asad 2024-yil dekabrida Ash-Shar’a boshchiligidagi guruh hujumi natijasida hokimiyatdan chetlatilgandi. Shundan so‘ng Asadlar oilasining o‘nlab yillar davom etgan boshqaruviga hamda yuz minglab suriyaliklar umriga zomin bo‘lgan urushga chek qo‘yildi.

Hukm haqidagi xabarlarni xalq sud binosi atrofida to‘planib, hayqiriqlar, qarsaklar va Suriya bayrog‘ini hilpiratgan holda nishonladi. Jangchilar yaqinlashib kelayotgan paytda Damashqdan qochib ketgan Asad esa Rossiyada bo‘lib turibdi. Putin o‘zining sobiq ittifoqchisi va uning oilasiga «humanitar sabablarga ko‘ra» boshpana bergan.

KXDR yana raketa uchirdi

Chorshanba kuni Shimoliy Koreya yarimorolning sharqiy qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz tomon ballistik raketa uchirdi. Bu Pxenyan azaldan qoralab kelayotgan Seul va Vashingtonning yirik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlaridan bir necha kun oldin yuz bermoqda.

Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, raketa bugun ertalab soat 6:00 atrofida Vonsan hududidan uchirilgan. Bu hududda Shimoliy Koreya 6 kun oldin boshqa bir ballistik raketa uchirgandi.

Mudofaa idoralari raketa taxminan 700 km masofani bosib o‘tganini aytdi. Ammo Seul rasmiylarini qurolni qisqa masofaga uchuvchi ballistik raketa deb aniq belgilamadi. Uning texnik xususiyatlari chuqur tahlil qilinmoqda.

Tahlilchilarning aytishicha, ushbu parvoz Shimoliy Koreyaning qurol ishlab chiqish bo‘yicha mavjud jadvalining bir qismi bo‘lishi ehtimoli yuqori. Ammo bu vaqt AQSh va Janubiy Koreya mashg‘ulotlari arafasida ishora yuborish maqsadida tanlangan bo‘lishi ham mumkin.

Janubiy Koreya hisob-kitoblariga ko‘ra, chorshanba kungi parvoz joriy yildagi 11-ballistik raketa sinovi bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Parvoz yuzasidan Pxenyan tomonidan hech qanday bayonot berilmadi.

Zilzila qurbonlari oshdi

Kolumbiya g‘arbidagi vayronkor zilzila qurbonlari soni 254 kishiga yetdi. Qutqaruvchilar qulab tushgan binolar ostida qolib ketgan omon qolganlarni qidirishmoqda.

7,4 magnitudali ushbu zilzila natijasida ko‘p qavatli turar joylar, xususiy uylar, maktablar va sog‘liqni saqlash markazlari yorilib, qiyshayib yoki yer bilan yakson bo‘lgan.

Zilzila epitsentriga yaqin o‘rmonli Choko mintaqasidagi ko‘plab tub aholi jamoalari hanuzgacha elektr energiyasi va asosiy xizmatlardan uzilib qolgan. Bu esa qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda.

Zilzila yangi prezident Abelardo De Laning inauguratsiyasidan sanoqli kunlar o‘tib sodir bo‘ldi. U jabrlangan hududlarga borib, uylaridan ayrilgan odamlarga iqtisodiy yordam ko‘rsatishga va’da berdi.

Ayni paytda qutqaruvchilar kranlar, ekskavatorlar va hatto qo‘llari bilan qazish ishlarini olib bormoqda. Odamlardan iborat jonli zanjir - vayronalar to‘ldirilgan chelaklarni qo‘ldan qo‘lga uzatgan holda qulab tushgan binolar ostida qolganlarni qidirishni davom ettirmoqda.

Seshanba kuni tushdan keyin holatiga ko‘ra, zilziladan keyin 100 dan ortiq aftershok qayd etilgan.

Kali shahri sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, ayni paytda shahar o‘likxonasi to‘lib qolgan va hukumat vakillari ko‘chalardan yana ko‘plab jasadlarni olib kelishmoqda.

Talon-toroj qilinishining oldini olish maqsadida tungi harbiylashtirilgan komendantlik soati joriy etilgan.