Toshkent shahrida mototsiklchilar ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.

Tezlik uchun jarima

Mototsikl haydovchisi Toshkent shahrida 210 km/soat tezlikda harakatlandi. Poytaxt IIBB axborot xizmati unga jarima qo‘llanilganini xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan so‘ng qidiruv bo‘limi xodimlari mototsiklchining shaxsini aniqlab, u bilan tushuntirish ishlarini olib borgan.

“Shahar ichida 60 km/soatli joyda 210 km/soat tezlikda harakatlandim. Boshqa takrorlanmaydi. Mendan o‘rnak olib, mototsiklda shunday yurish mumkin deb o‘ylab haydashdan qaytaraman. Chora ko‘rishyapti. Oxiri yaxshilik bilan tugamaydi”, degan haydovchi.

Banner

Unga belgilangan harakat tezligini soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirish huquqbuzarligi (MJtKning 128-3-moddasi) bilan ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Bunday huquqbuzarlik uchun BHMning 15 baravari (6 mln 180 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Shuningdek, haydovchining mototsikli jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Qimmatga tushgan kontent

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda yana bir mototsiklchi YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan qochgani ko‘rinadi. U ushbu holatni tasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, 26 yoshli I.M. holat yuzasidan tushuntirish xati olish va mototsiklni jarima maydonchasiga olib ketish uchun uyiga borgan IIB xodimlarining qonuniy talabini bajarmagan. Ularga faol qarshilik ko‘rsatib, ko‘chada baqir-chaqir qilgan holda jamoat tartibini buzgani aniqlangan.

IMG_20260812_140610_009

I.M. aybiga iqror bo‘lib, suddan yengillik so‘ragan.

Sud qarori bilan I.M. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.