O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda 21–22-avgust kunlari Parkent tumanida “Uzum sayli” festivalini tashkil etadi.
Festival Zarkent qishlog‘ida o‘tkazilib, unda O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan fermer xo‘jaliklari, etnoturizm yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar hamda ishlab chiqaruvchi korxonalar qatnashadi.
Tadbir doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari va sanoatning xalqaro brendlari ishtirokida ko‘rgazmalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, uzumchilik sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya va forumlar o‘tkaziladi. Ularda soha mutaxassislari, ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar tajriba almashishi kutilmoqda.
Festivalning madaniy dasturi ham turli tadbirlarga boy bo‘ladi. Xususan, milliy folklor jamoalari va estrada xonandalarining chiqishlari, xalq urf-odatlari va an’analarini namoyish etuvchi madaniy dasturlar tashkil etiladi.
“Uzum sayli” orqali hududning uzumchilik an’analarini keng targ‘ib qilish, mahalliy mahsulotlarni namoyish etish hamda Parkentning turizm, jumladan, etnoturizm salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan.











