Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov rahbarligida vazirlikning 2026-yil ikkinchi choragidagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan Hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda joriy yilning birinchi yarmida respublikadagi kriminogen vaziyat, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, jamoat xavfsizligini ta’minlash, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish hamda xizmat intizomi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Hisobot natijalariga ko‘ra, o‘tgan olti oy davomida hududlardagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 6 nafar shahar va tuman ichki ishlar organlari boshliqlari, ularning jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha 2 nafar o‘rinbosari hamda viloyat ichki ishlar boshqarmalarining 2 nafar mas’ul rahbarini lavozimidan ozod etish bo‘yicha Hay’at qarori qabul qilindi.
Bundan tashqari, 7 nafar rahbarga qattiq intizomiy jazo qo‘llash, yana 3 nafar rahbarning lavozimida qolish yoki qolmaslik masalasini ko‘rib chiqish belgilandi.

Yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki olti oyida 5 778 ta mahallada, ya’ni mahallalarning 64 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Shu bilan birga, 476 ta mahallaning hanuz “qizil” toifada qolayotgani tanqid qilindi.
Hisobot davrida qidiruvda bo‘lgan 5 010 nafar shaxs qo‘lga olingan, bedarak yo‘qolgan 2 616 nafar shaxs aniqlangan. Jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi 31,4 foizga yaxshilanib, fuqarolarga yetkazilgan 1 trln 365 mlrd so‘mlik moddiy zarar qoplab berilgan.

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida esa olti oyda 9 282 ta kiberjinoyat fosh etilgan, 4 011 ta jinoyat tashabbus asosida aniqlangan. 13 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan 120 mlrd 496 mln so‘mdan ziyod zarar qaytarilgan.
Markaziy bank bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan maxsus tizim orqali 29 trln so‘mning noqonuniy ravishda chetga chiqib ketishining oldi olingan, jinoyatlarga aloqador 18 838 ta bank kartasi bloklangan.

Shu bilan birga, reyting natijalariga ko‘ra jinoyatlarning oldini olish va ularni tashabbus asosida aniqlash bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan hududiy ichki ishlar organlari rahbarlarini rag‘batlantirish taklif qilindi. Viloyatlar orasida Toshkent viloyati birinchi, Samarqand viloyati ikkinchi, Farg‘ona viloyati esa uchinchi o‘rinni egalladi.
Hay’at yig‘ilishi yakunida jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va xizmat intizomini mustahkamlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi qayd etildi.













