Elektr har 100 kilometrga arzonroq
6,9 litr yonilg‘i va bir litrining narxi 11 500 so‘m bo‘lgan benzin sarflaydigan Chevrolet Tracker 100 kilometrga taxminan 79 000 so‘m sarflaydi.
12 kVt⋅soat elektr sarflaydigan BYD Yuan Up elektr tarmog‘idagi yo‘qotishlarni hisobga olganda, taxminan 13,6 kVt⋅soat energiya oladi. Uy sharoitida 1 kVt⋅soat elektr energiyasi 900 so‘mdan bo‘lsa, 100 kilometrga sarf-xarajat taxminan 12 300 so‘mni tashkil qiladi.
Biroq Yuan Up’ning o‘zi qimmatroq turadi, shuning uchun xarid vaqtidagi narx farqini avval tejamkorlik hisobiga qoplab olish kerak.
Yuqori narx tejamkorlikni ortga suradi
Tracker’ning narxi 216 mln so‘m atrofida, Yuan Up’niki esa 266,7 mln so‘m. Farq 50 mln so‘mdan oshadi.
Yiliga 15 000 kilometr yurilganda, besh yillik umumiy xarajatlar deyarli tenglashadi:
Tracker: taxminan 284,5 mln so‘m.
Yuan Up: taxminan 281,2 mln so‘m.
Elektromobil taxminan 4 yil 8 oydan keyin arzonroq tusha boshlaydi.
Qancha ko‘p yurilsa, xarajat shuncha tez qoplanadi
Mashina uchun bir marta to‘lanadi, yonilg‘i uchun esa doimiy ravishda pul sarflanadi.
Yurish masofasi kam bo‘lsa, elektromobil besh, hatto o‘n yilda ham o‘zini qoplamasligi mumkin. Yiliga 25 000–50 000 kilometr yurilganda esa tejamkorlik o‘zini oqlaydi.
Shuning uchun bir xil model kam yuradiganlar uchun foydali bo‘lmasligi, ammo taksi uchun ancha tejamkor variant bo‘lishi mumkin.
Quvvatlash joyi natijaga ta’sir qiladi
Avtomobilni uyda quvvatlash ommaviy quvvatlash stansiyalaridagiga qaraganda ancha arzon. Ammo uning narxi uydagi umumiy elektr iste’moli va qo‘llanadigan tarif bosqichiga bog‘liq.
Shuning uchun avtomobil bilan elektr energiyasi uchun to‘lanadigan hisob-kitob va avtomobilsiz to‘lanadigan hisob-kitob o‘rtasidagi farqni hisoblash to‘g‘riroq bo‘ladi.
Agar tezkor quvvatlash stansiyalaridan tez-tez foydalanilsa, elektromobil harakatlanish xarajatlari bo‘yicha benzinli avtomobildan arzonroq bo‘lishi mumkin. Ammo uning o‘zini qoplash muddati uzayadi.
Metan elektromobildan ko‘ra foydaliroq bo‘lishi mumkin
Metanda yuradigan avtomobil oddiy benzinli avtomobildan asosan gaz uskunasi hisobiga qimmatroq bo‘ladi.
100 kilometrga 7,5 m³ metan sarflansa va 1 m³ metan narxi 5 800 so‘m bo‘lsa, 100 kilometrlik safar taxminan 43 500 so‘mga tushadi.
Bu elektromobilni uyda quvvatlashdan qimmatroq, ammo benzinda yurishdan arzon. Shu bilan birga, metanda yuradigan avtomobilning o‘zi elektromobilga qaraganda ancha arzon bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun safar xarajati bo‘yicha elektr ko‘pincha ustun bo‘lsa, avtomobilni sotib olish va undan foydalanishning umumiy xarajati bo‘yicha metan foydaliroq.
Gaz uskunasi ham o‘zini qoplashi kerak
Aytaylik, gazballon uskunasini o‘rnatish 4,8 mln so‘m turadi. Agar metan har 100 kilometrda taxminan 35 000 so‘m tejasa, u holda uskuna xarajati taxminan 14 000 kilometrdan keyin qoplanadi.
Qoplash muddati uskunani o‘rnatish narxi, avtomobilning sarfi va yonilg‘i narxiga bog‘liq.
Mashina narxi dvigatel turidan muhimroq
Faqat yonilg‘i narxini solishtirishning o‘zi yetarli emas.
Elektrda har bir kilometr arzonroq bo‘lsa ham, metanda yuradigan hamyonbop Cobalt elektr krossoverdan arzonroq tushishi mumkin.
Shuning uchun kalkulyator quyidagilarni alohida ko‘rsatadi:
- avtomobil sotib olish xarajatlari;
- 100 kilometr qiymati;
- tanlangan muddat davomidagi umumiy xarajatlar;
- xarajatlar qoplanish nuqtasi.
Farq katta bo‘lmasa, qulaylik hal qiluvchi ahamiyatga ega
Agar besh yillik xarajatlar o‘rtasidagi farq atigi bir necha million so‘mni tashkil etsa, moliyaviy jihatdan aniq g‘olibni belgilash qiyin.
Bunday holatda quvvatlash imkoniyati, metan «zapravka»lardagi navbatlar, avtomobilning yurish masofasi, servis va kundalik foydalanishdagi qulaylik muhimroq ahamiyat kasb etadi.
Ko‘proq qaysi variant foydali bo‘ladi?
Elektromobil ko‘pincha yurish masofasi katta bo‘lganda, uyda quvvatlanganda va avtomobildan uzoq muddat foydalanilganda foydali bo‘ladi.
Metan avtomobil narxi arzonroq, yurish masofasi katta va «zapravka» qulay bo‘lganda tejamkor variant hisoblanadi.
Propan benzinga nisbatan xarajatlarni kamaytiradi, ammo metanga qaraganda tejamkorligi pastroq.
Benzin yurish masofasi kam va avtomobildan qisqa muddat foydalanish rejalashtirilganda oqilona tanlov bo‘lishi mumkin.
Mutlaq g‘olib yo‘q
Elektromobilni quvvatlash deyarli har doim arzon, ammo uni sotib olish va saqlash har doim ham arzon tushavermaydi.
Metan safar qiymati bo‘yicha elektr energiyasidan ortda qolishi mumkin, lekin mashinaning o‘zi arzon bo‘lgani uchun umumiy xarajat bo‘yicha ustun kelishi mumkin. Propan o‘rtada, benzin esa kam yuradiganlarga mos keladi.
Natija beshta asosiy ko‘rsatkichga bog‘liq: avtomobil narxi, yonilg‘i sarfi, yurish masofasi, energiya narxi va foydalanish muddati.
Qanday hisob-kitob qildik?
Kalkulyator avtomobil narxi, gaz uskunasi, yonilg‘i yoki elektr, texnik xizmat va qo‘shimcha xarajatlarni birgalikda hisoblaydi.
Qaysi vaqtda qaysi variant boshqasidan arzonroq bo‘lishini aniqlash uchun hisob-kitob oylar kesimida amalga oshiriladi.
Barcha dastlabki ma’lumotlarni o‘zgartirish mumkin. Aniq natijaga erishish uchun mashina narxini, avtomobilning amaldagi yonilg‘i sarfini hamda o‘zingiz ko‘proq foydalanadigan yonilg‘i yoki quvvatlash narxini kiritish tavsiya etiladi.