Qadimiy Xiva shahrida Xorazm viloyatining milliy an’analari, gastronomiyasi, madaniyati va sayyohlik salohiyatini namoyish etgan «Qovun sayli – 2026» xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilgan festival 7–9-avgust kunlari Ichan qal’a hamda Arda Khiva sayyohlik majmuasida o‘tkazildi.

Festival davomida mehmonlarga O‘zbekistonning turli hududlaridan keltirilgan 250 xil qovun navi hamda ular asosida tayyorlangan 200 dan ortiq mahsulot namoyish etildi.

Tadbir dasturidan qovun va milliy taomlar degustatsiyasi, xalq hunarmandchiligi namunalari, folklor va teatrlashtirilgan tomoshalar, mahorat darslari hamda konsert dasturlari o‘rin oldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, festival kunlarida Xivaga jami 186 ming kishi tashrif buyurgan. Ularning 36 ming nafarini xorijiy, 150 ming nafarini mahalliy sayyohlar tashkil etgan.

Festivalning eng muhim voqeasi yangi jahon rekordining o‘rnatilishi bo‘ldi. Tadbir ishtirokchilari 259 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rdi. Natijada Xiva «Eng ko‘p qovun degustatsiyasi o‘tkazilgan festival» nominatsiyasi bo‘yicha Ginnessning rekordlar kitobiga kirdi.

Festival doirasida faol ishtirokchilar ham taqdirlandi. Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, Xiva Gran-prini qo‘lga kiritib, BYD Champion elektromobili bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rinni Yangiariq tumani, ikkinchi o‘rinni Xorazm viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi egalladi. Uchinchi o‘rin Urganch davlat universiteti hamda UzAuto Motorsʼning Xorazm filialiga nasib etdi.

«Qovun sayli – 2026» Xorazmning polizchilik an’analari, gastronomik merosi va sayyohlik imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish bilan birga, jahon rekordi bilan yakunlandi.