AQShda doimiy talab yuqori kasb egalaridan biri – hamshira va shifokorlar. Biroq, Amerikaga ingliz tilini biladigan, sohasining yetuk bilimdoni va professional tibbiyot xodimlari kerak. Korn Ferry vakillariga ko‘ra, hamshiralar va yordamchi klinik-texnik mutaxassislarga ehtiyoj rostdan ham yildan-yilga oshmoqda. Kompaniya bu borada O‘zbekiston bilan muloqotga tayyorligini bildirgan.

Konsulxona muloqotda O‘zbekistonning tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasi, maqsadli kadrlar tayyorlash va ularni xorijda himoya qilish bo‘yicha vakillarni atroflicha tanishtirgan.

Muzokaralar yakunida Korn Ferry salohiyatli ish beruvchilarning kadrlarga bo‘lgan aniq ehtiyoji, talab qilinadigan mutaxassisliklar, nomzodlarning malaka darajasi va tayyorgarlik mezonlarini o‘rganishiga kelishildi.

Shuningdek, O‘zbekiston va AQShdagi hamshiralarni tayyorlash tizimlari o‘rtasidagi tafovutlarni, jumladan, til, klinik tayyorgarlik, malakani tan olish, litsenziyalash va immigratsiya talablarini qiyosiy tahlil qilish rejalashtiriladi.

Tomonlar loyihani dastlab kichik pilot guruh bilan boshlamoqchi, natijalar va AQSh ish beruvchilarining talabidan kelib chiqib, o‘zbekistonlik hamshiralarni jalb etish ko‘lami kengayishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 1969-yilda Los-Anjyelesda tashkil etilgan Korn Ferry bugun 50 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi. Kompaniya tashkilotlarni rivojlantirish, rahbar va mutaxassislarni tanlash, xalqaro va ommaviy kadrlar yollash hamda inson kapitalini boshqarishga ixtisoslashgan.