AQSh Senati Rossiya va Eronga nisbatan Amerika sanksiyalarini kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi, deb xabar berdi Reuters.
Hujjat Senat tomonidan tasdiqlangach, Vakillar palatasiga yuboriladi.
Senatorlar marhum Lindsi Grem nomi bilan ataluvchi loyihani 68 ovoz bilan qo‘llab-quvvatladilar. Loyihaga 9 nafar senator qarshi chiqdi. Gremning o‘zi bu hujjatni «do‘zaxiy sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi» deb atagandi.
Mazkur qonun loyihasi AQSh prezidentiga Rossiya nefti yoki gazining eng yirik xaridorlari bo‘lgan beshta davlatdan import qilinadigan tovarlarga manzilli bojlar joriy etish imkonini beradi. Qonun loyihasi, shuningdek, Eronning energetika va qurol-yarog‘ sektorlarini moliyalashtirishni cheklovchi sanksiyaviy vakolatlarning amal qilishini to‘xtatib qo‘yishning oldini olishga qaratilgan bandni ham o‘z ichiga oladi.
«Rossiya va Eronga qarshi sanksiyalar joriy etish to‘g‘risidagi Lindsi Grem nomli 2026-yilgi qonun» deb nomlangan hujjatning yangi versiyasiga ko‘ra, uchinchi davlatlarga nisbatan boj 100 foizgacha bo‘lishi mumkin. Iyul oxiridagi protseduraviy ovoz berish vaqtida Xitoy, Hindiston, Slovakiya, Vengriya va Ozarbayjon Rossiya neftining hamda Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Vengriya va Belgiya Rossiya gazining eng yirik xaridorlari qatoriga kiritilgandi. Sanksiyalar hammuallifi, senator Richard Blyumental asosiy nishonlar sifatida Xitoy va Hindistonni ko‘rsatgan.
Tariflardan tashqari, qonun loyihasi Rossiyaning jismoniy va yuridik shaxslariga qarshi sanksiyalarni qonunchilik darajasida mustahkamlaydi.
Prezident Kongressni xabardor qilgan holda milliy xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqib sanksiyalar amal qilishini to‘xtatib turish huquqini saqlab qoladi. Ularni to‘liq bekor qilish faqat tinchlik kelishuvi imzolanganidan hamda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi jangovar harakatlar to‘xtatilganidan keyingina mumkin bo‘ladi.











