Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida 59 yoshli yollanma ishchi quvurlarni ta’mirlash vaqtida tuproq bosib qolishi oqibatida vafot etdi.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov «Daryo»ga ma’lum qilishicha, baxsiz hodisa 7-avgust kuni Qiziltepa tumani Alisher Navoiy mahallasi hududida yer ostidan o‘tgan eski quvurlarni ta’mirlash vaqtida ro‘y bergan.

Atrofdagilar unga yordam berishga uringan, ammo quruq qo‘l va belkurak bilan buning uddasidan chiqa olishmagan.

Marhumning to‘rt nafar farzandi yetim qolgan.

Ayni paytda holat yuzasidan Qiziltepa tumani IIB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mehnat inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida ish joylarida 447 ta baxsiz hodisa yuz bergan. Ish davomida yuz bergan 113 ta baxsiz hodisa o‘lim bilan yakunlangan.