Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona idoralari xodimlari hamkorligida Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi giyohvandlik vositasi musodara qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Konimex tumani hududida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv jarayonida avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan 2002-yilda tug‘ilgan Qozog‘iston fuqarosiga tegishli tsellofan paketdan 2 kilogramm 87 gramm «opiy» giyohvandlik vositasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Tergovning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu giyohvandlik vositasi muqaddam narkokurerlar tomonidan qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilib, xufiya joyga yashirib ketilgan. Qozog‘istonlik fuqaro esa uni aynan shu yerdan olib ketayotgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolardan giyohvandlik vositalari muomalasi va boshqa qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishlarini so‘radi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.