Dubay AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushiga tortilgach keskin tushib ketgan sayyohlar sonini qayta tiklashga harakat boshladi. Shu maqsadda, amirlikka oilasi va do‘stlarini jalb qilgan rezidentlarga pul mukofoti berishni taklif qilmoqda.
Iqtisodiyot va turizm departamenti tashabbusi bo‘lgan «Dubai Invite» (Dubayga taklif) dasturi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari fuqarolari yoki rezidentlariga o‘z do‘stlari va qarindoshlarini nomzod sifatida ko‘rsatishi mumkin. Mehmonlar tashrif buyurgan taqdirda taklif qiluvchi tomon taxminan 816 dollardan (3 000 BAA dirhami) ortiq qiymatdagi imtiyozlarni olishi mumkin bo‘ladi.
«Visit Dubai» veb-saytida aytilishicha, rezidentlar mehmonxonada yashash, restoran chegirmalari va diqqatga sazovor joylarga chiptalarni o‘z ichiga olgan «imtiyozlar paketi»ni qo‘lga kiritadi.
Imtiyozning shartlari
Dubay Iqtisodiyot va turizm departamentining yangi kampaniyasi aslida sayyohlarni emas, ularni taklif qilgan BAA rezidentlari va fuqarolarini mukofotlaydi.
Taklif qilingan mehmonlar esa 2026 yil 20 iyuldan 31 oktyabrgacha Dubayga kelishi kerak. Mehmonlar BAAda yashovchi - rezident bo‘lmasligi, amaldagi turistik viza bilan kelishi va faqat bir marta nomzod sifatida ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Rezidentlar o‘z mehmonlari kelishidan oldin dasturning onlayn ariza shakli orqali ularni ro‘yxatdan o‘tkazadi. Mehmon Dubayga kirishi bilan uning kelgani avtomatik ravishda tasdiqlanadi. Rezident esa 800 dollardan ko‘proq qiymatga ega mukofotlar paketiga kirish huquqini oladi.
Ishtirok etayotgan brendlar sirasiga mehmonxonalar, transport provayderlari va turli ko‘ngilochar kompaniyalar kiradi.
Mahalliy OAVga ko‘ra, dastur amaldagi Emirates ID kartasiga ega bo‘lgan, 18 yosh va undan katta BAA rezidentlari hamda fuqarolari uchun ochiq. Dastlabki 48 soat ichida ushbu loyiha 10 000 dan ortiq arizalarni jalb qilgani aytilmoqda.
AQSh-Eron turizmga ta’siri
The Guardian'ning yozishicha, ushbu dastur AQSh-Eron urushiga tortilganidan so‘ng BAA turizm sohasi jiddiy tanazzulni boshdan kechirayotgan bir vaqtda yo‘lga qo‘yilmoqda.
Fevral oyida Eron BAAdagi AQSh harbiy ob’yektlariga raketalar va dronlar bilan javob zarbalari berdi. Ushbu zarbalar dunyoga mashhur Fairmont mehmonxonasi va Dubay xalqaro aeroportiga tegdi. Oqibatda Dubayning inflyuyenserlar hamda o‘ta boylarga sotgan «xotirjam va tilla bezakli xavfsiz o‘yingoh» qiyofasi chil-parchin bo‘ldi.












