Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida qurilayotgan ko‘prik balkasi bir tomonga og‘ib ketgani tasvirlangan video tarqaldi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan berilgan izohga ko‘ra, voqea 6-avgust kuni Islom taraqqiyot banki va OPEK jamg‘armasi ishtirokidagi M-39 Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz avtomobil yo‘lining 1255-1315-kilometr (60 km) qismini rekonstruksiya qilish loyihasi ob’yektida qurilish-montaj ishlari vaqtida yuz bergan.
Qayd etilishicha, yangi qurilayotgan ikki sathli qayrilib olish sun’iy inshootining balkalari montaj qilinayotgan vaqtda kranning bir tomoni oldin ko‘tarilgani sabab balkaning ikkinchi tomoniga ortiqcha yuklanish kuchi tushgan va balka sinib qulab tushgan.
“Ko‘prik balkasi (ayniqsa, oldindan zo‘riqtirilgan beton balka) yig‘ish paytida ishdan chiqishi mumkin, chunki u duch keladigan yuk sharoitlari balka mo‘ljallangan sharoitlardan butunlay farq qilishi mumkin. Balkalar odatda vertikal ravishda ishlash va o‘z og‘irligini shu o‘q bo‘ylab o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Loyiha doirasida quruvchi konsultant tashkilot tomonidan ham ushbu holat tasdiqlangan”, deyiladi rasmiy izohda.
Hodisa oqibatida hech kimga zarar yetmaganligi aytilmoqda. Hozirda loyiha Muhandis-maslahatchi tashkiloti Temelsu International Engineering Services Inc. kompaniyasi mutaxassislari tomonidan hodisa sabablari yuzasidan o‘rganish ishlari boshlangan.











