Farg‘ona tumani Chimyon qishlog‘ining Boy mahallasida yashovchi Ilyosbek No‘monov xonadonidagi 3 sotix tomorqasida lavanda o‘simligi yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Bir yilda ikki marotaba olinadigan hosildan xushbo‘y yostiqlar tikilib ichki bozorlarga sotilyapti. Oilada 100 dan ortiq zotdor tovuq hamda to‘tiqushlar ham parvarish qilinadi.
Tadbirkorning aytishicha, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari xonadonda bo‘lib, lavanda yetishtirish va unga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatiga qiziqish bildirishgan.

“3 sotix tomorqamizda mevali daraxtlar, pomidor ekib ko‘rdik, kutilganidek natija bo‘lmadi. Onamga pomidorni bozordan sotib olib beraman, o‘rniga xushbo‘y lavanda degan o‘simlik bor ekan, ekamiz, deb ko‘ndirdim.

2023-yilda 200 tup lavanda ko‘chati olib kelib 3 sotix yerga ekdim. Lavanda gulidan yostiqchalar, shifobaxsh damlamalar olish mumkinligini keyin bildim. O‘tgan yildan hosil berishni boshladi. Bir yilda ikki marta hosil ola boshladik.

Eng asosiysi, bu o‘simlik qishda ham ko‘karib turar ekan. Qishda ham hovlingiz yashnab turadi. Ertalab uyqudan uyg‘onib tashqariga chiqqaningizda tog‘ning havosi ufurib turadi. Asablar ham dam oladi. Mana endi lavanda gulidan olib yostiq, damlamalar tayyorlab sotyapmiz.


Lavanda hosilini chetga eksport qilishni reja qilib turibmiz. Yaqinda Yaponiyadan JICA tashkiloti delegatsiyasi kelib qiziqishlarini bildirishdi. Ular samolyot o‘rindig‘iga yostiqcha tayyorlab berishimizni taklif qilishdi. Daromad keltiradigan gulni topib oldik. Maqsadimiz lavandazorni kengaytirish.


Bundan tashqari to‘ti turidagi qushlarimiz bor. Yuztadan oshiq “Qora shahzoda” tovuqlarimiz bor, ulardan tuxum kelib turadi. Nima demoqchiman? Shu kichikkina hovlimizdan yiliga 150-200 million so‘m daromadimiz bor bugungi kunda”, – deydi Ilyosbek No‘monov.










