O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi Behruz Karimov faoliyatini Shveytsariyaning “Lugano” klubida davom ettiradi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.

19 yoshli himoyachi – iyun oyida milliy jamoaning Jahon chempionatidagi debyutida ko‘rsatgan o‘yinlari bilan muxlislar va mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan edi.

Behruz Karimov 2007-yil 7-avgustda tug‘ilgan. Avvaliga Odil Junior akademiyasida tahsil olgan, keyinroq Toshkentning “Olimpik” klubiga o‘tgan. U 2025-yil fevralidan beri Termizning “Surxon” klubida to‘p tepib kelayotgan edi.

1908-yilda shu nomdagi shaharda asos solingan “Lugano” klubi – Shveytsariyaning eng uzoq tarixga ega klublaridan biri. Uch karra mamlakat chempioni, to‘rt karra Shveytsariya kubogi sohibi.

O‘tgan mavsumni klub ichki chempionatda 4-o‘rin bilan yakunlab, UYeFA konferensiyalar ligasida (Chempionlar ligasi va Yevropa ligasidan keyingi o‘rinda turuvchi musobaqa) ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.