Shveytsariya Federal jinoyat sudi bosh ofisi Jyenevada joylashgan Lombard Odier bankini Gulnora Karimova bilan bog‘liq pul yuvish jinoyatining amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yib berganlikda aybdor deb topib, 3 mln frank (3,68 mln dollar) miqdorida jarima jazosini qo‘lladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Sud izohiga ko‘ra, Lombard Odier tomonidan pul yuvishning oldini olishga qaratilgan “barcha zaruriy va lozim darajadagi tashkiliy choralar ko‘rilmagani” tufayli bankka jarima solishga qaror qilingan.
Lombard Odier'ning sobiq xodimi (hujjatlarda C. deb tilga olingan) 24 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi.
Bundan tashqari, sud hukmiga asosan, 400 mln frankdan ortiq aktivlar musodara qilinadi.
Sud bank va uning sobiq xodimiga nisbatan jazo tayinlashda 2011 yil iyul oyidan oldingi hodisalarni da’vo muddati o‘tib ketgani sababli ayblovdan chiqarib tashlagan.
Lombard Odier sud hukmiga munosabat bildirarkan, 2012 yilda mazkur jinoyat ishining qo‘zg‘atilishiga aynan bankning o‘zi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shubhali operatsiyalar haqida xabar berilgani asos bo‘lganini bildirdi. Bank o‘sha paytda ham pul yuvishga qarshi samarali ichki nazorat tizimlari mavjud bo‘lganini bildirib, sud hukmi ustidan shikoyat qilishini ma’lum qildi.
Mazkur ish bo‘yicha prokurorlarning ayblov xulosasida O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova poraxo‘rlikda, “Ofis” nomli uyushgan jinoiy tuzilmani boshqarishda va noqonuniy yo‘llar bilan orttirilgan millionlab dollar mablag‘larni 2005-2013 yillarda Shveytsariyadagi hisobvaraqlarga ko‘chirish orqali yuvishda ayblangan. O‘zbekistonda jazo o‘tayotgan Karimovaning o‘zi esa barcha ayblovlarni rad etgan.
Shveytsariya Federal jinoyat sudidagi ushbu mahkama joriy yil aprel oyida boshlangan edi. Ilk sud majlislarida ishning Gulnora Karimovaga oid qismi uning o‘zi sud protsessida ishtirok etmayotgani sababli ish yurituvidan to‘xtatilgan.
Shuningdek, Karimovaning Rossiyada yashashi aytiladigan, hujjatlarda B. initsiali bilan belgilangan biznes sherigini ham sudga jalb etish imkoni bo‘lmagani tufayli, ishning unga oid qismi ham to‘xtatilgandi.











