Ukraina droni plyajga quladi

3-avgust kuni Krasnodar o‘lkasida Gelenjik yaqinidagi Arxipo-Osipovka qishlog‘iga Ukraina droni quladi. Dron to‘g‘ridan to‘g‘ri dam oluvchilar ustiga – plyajga qulab tushgan. Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda yetti kishi, jumladan, uch nafar bola halok bo‘ldi. Ukraina droni tinch aholi orasida yana 40 kishini jarohatlagan, ulardan 21 nafari kasalxonaga yotqizilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, shahar rahbari Aleksey Bogodistov o‘sha kuni ertalab dron xavfi haqida xabar bergan, oradan 10 daqiqa o‘tgach xavf bekor qilingan.

Krasnodar o‘lkasi gubernatori hujum fuqarolik infratuzilmasiga qaratilganini va plyajga dron qoldiqlari qulaganini ma’lum qildi. Biroq voqea joyidan guvohlar tomonidan olingan videoda plyajga butun boshli dron qulagani ko‘rinadi.

Ayrim harbiy ekspertlar esa dron Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi harakatlari tufayli plyajga qulagan bo‘lishini aytmoqda. Chunki dron qulashidan oldin o‘q ovozlari eshitilgan, bu mobil o‘t ochish guruhlari uni urib tushirgan degan taxminlarga olib kelmoqda.

Hozircha dronning aniq nishoni qaysi nuqta bo‘lgani ma’lum emas.

Ammo o‘q tovushlari yaqin atrofda qo‘riqlanadigan ob’yekt borligidan dalolat beradi. Aynan shu ob’yekt dron nishoni bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

«Agenstvo» nashrining yozishicha, dron qulagan plyaj «Rassvet» dam olish maskani ro‘parasida joylashgan. U esa Rossiyaning eng asosiy raketa-kosmik korxonalaridan biri - «NPO mashinostroyeniya» filialidir.

Bundan tashqari, Gelenjik yaqinida - Navalniy fondi surishtiruvlarida chiqqan Putinning mashhur saroyi joylashgan. Dron qulagan plyajdan saroygacha masofa 30 kilometrdan kamroq.

Dushanba kuni Ukraina dronlari, shuningdek, Moskvadan sharqda joylashgan yana bir Wildberries omboriga hujum qildi. Vladimir viloyati gubernatoriga ko‘ra, yong‘inni o‘chirishga 203 nafar o‘t o‘chiruvchi va 67 ta texnika jalb qilingan. Yong‘in maydoni 100 000 kvadrat metrni tashkil etdi: bu taxminan 14 ta futbol maydoniga tengdir.

WB hujumni tasdiqladi va barcha xodimlar evakuatsiya qilinganini bildirdi. Hujumda 3 kishi jarohatlangan.

Dunayda suv sathi pasaymoqda

Vengriya o‘zining 44 yillik tarixida birinchi marta Paksh atom elektr stansiyasini yopadi.

«Oldimizda eng og‘ir besh kun turibdi. Ertaga Paksh AES energiya ishlab chiqarmaydi, oldinda esa eng issiq kunlar kutilmoqda», dedi bosh vazir Peter Madyar. Bu qaror Dunay daryosida suv sathi 23 smgacha pasayganidan keyin qabul qilingan.

Poytaxt Budapeshtdan 120 kilometr janubda joylashgan ushbu stansiya o‘z reaktorlarini sovitish uchun Dunay suvidan foydalanadi. U Mojaristonda ishlab chiqariladigan elektrning 40 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi.

Vengriya suv xo‘jaligi boshqarmasi Germaniyadan Qora dengizgacha oqib o‘tuvchi Dunay daryosi sathi yaqin kunlarda yanada pasayishini bashorat qilmoqda. Avvalroq Paksh atom elektr stansiyasi quvvati pasaytirilgan va ba’zi reaktorlar o‘chirilgandi.

Dunay daryosidagi qurg‘oqchilikning oldini olish uchun dushanba kuni Ruminiya ham daryodagi katta qoyatoshni portlatib yubordi. Ushbu qoyatosh Ruminiyada ishlab turgan yagona yadroviy reaktorni sovitish uchun suvni yo‘naltirib turgandi.

Ruminiyadagi avtomobil zavodlari 19-avgustgacha ishlab chiqarishni to‘xtatib turishga va o‘z ixtiyori bilan elektr iste’molini kamaytirishga rozi bo‘ldi. Vengriyada ham hukumat murojaatidan so‘ng aholi va kompaniyalar tomonidan elektr energiyasi sarfi qisqartirildi.

Qo‘shni Serbiya ham GESlar faoliyatini sezilarli darajada kamaytirishga majbur bo‘ldi. Xususan, mamlakat elektr energiyasi ishlab chiqarishining taxminan 18 foizini ta’minlaydigan eng yirik ikkita stansiya o‘z quvvatlarini 20 va 30 foizgacha pasaytirgan.

Jazirama va qurg‘oqchilik Yevropaning katta qismida daryolar suv sathini pasaytirib, suv ta’minoti bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytirib yubordi. Ushbu misollar butun mintaqadagi energiya inqirozi ko‘lamini yaqqol ko‘rsatuvchi misli ko‘rilmagan choralardir.

25 shtat Tramp ma’muriyatini sudga berdi

Dushanba kuni AQShning yigirma beshta shtati so‘nggi joriy etilgan bojlar yuzasidan prezident Donald Tramp ma’muriyatini sudga berdi. Ularning ta’kidlashicha, bu fevral oyida Oliy sud tomonidan bekor qilingan import soliqlarini almashtirish uchun shunchaki bahona bo‘lgan.

O‘tgan oy Qo‘shma Shtatlar 59 ta mamlakat hamda Yevropa Ittifoqiga nisbatan 12 foizgacha bojlar joriy etgandi. Oq uy ushbu davlatlarni majburiy mehnat asosida ishlab chiqarilgan import mahsulotlariga qarshi yetarlicha kurashmayotganlikda ayblagan.

«Oliy sudda yutqazib qo‘ygach, ma’muriyat yangi bojlar to‘lqini orqali soliqlarni noqonuniy ravishda oshirishga urinmoqda», dedi da’vo arizasini kiritgan Nyu York bosh prokurori Letitsiya Jyeyms.

Oregon bosh prokurori Den Reyfild esa «har bir qadamda mag‘lubiyatga uchrayotganiga qaramay, Tramp yana ishchi oilalar va mahalliy korxonalarga ko‘proq zarar yetkazishga urinayotganini» ta’kidladi.

O‘zining ikkinchi muddatiga kirishganidan beri Tramp AQShning savdo bo‘yicha hamkorlari dunyodagi eng yirik iqtisodiyotdan foydalanib qolayotganini aytmoqda. U boshqa davlatlar bilan yangi savdo kelishuvlariga erishish uchun bojlardan ta’sir o‘tkazish vositasi sifatida foydalanmoqda.

Uning ma’muriyati Vashingtonning do‘stlariga ham, dushmanlariga ham birdek keng qamrovli - ko‘pincha o‘ta yuqori darajadagi - bojlarni joriy etish orqali global savdoni ostin-ustun qilib yubordi.

Zilzila qurbonlari soni oshmoqda

Venesuela rasmiylari e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oyi oxirida sodir bo‘lgan qo‘shaloq zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 6 125 kishiga yetdi. Norasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 17 mingdan 30 minggacha odam hanuzgacha bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Venesuelada joriy yil 24-iyun kuni 7,2 va 7,5 magnitudali zilzilalar sodir bo‘lib, milliy favqulodda holatni keltirib chiqargandi.

Zilzila oqibatida 200 ga yaqin bino qulab tushgan. Ularning aksariyati eng ko‘p talafot ko‘rgan qirg‘oq bo‘yidagi La-Guayra shtatiga to‘g‘ri keladi.

Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchisi Delsi Rodriges so‘zlariga ko‘ra, tozalash ishlari davom etmoqda: hozirgacha qariyb 350 ming tonna vayronalar tozalangan. Ammo bu BMT tomonidan hisoblangan jami 2,1 million tonna vayronalarning atigi 16,5 foizini tashkil qiladi.

Rasmiylar yana 16 mingdan ortiq inshootni xavf ostida deb baholamoqda. Bu esa ko‘pchilikni uylarini tark etishga majbur qildi. Hozirda minglab odamlar La-Guayra va Karakasdagi vaqtinchalik boshpanalarda kun kechirmoqda.

Juma kuni mamlakat qonun chiqaruvchilari ko‘chmas mulkni ijaraga olishni yengillashtiruvchi qonunni bir ovozdan ma’qulladi. Bu uylaridan ayrilgan qurbonlarga yordam berishga qaratilgan choradir.

Rossiyaning yirik kemasi Germaniya yaqiniga keldi

Rossiya Shimoliy flotining eng yirik kemalaridan biri - suvosti kemalariga qarshi kurashuvchi «Admiral Levchenko» Germaniyaning Femarn oroli yaqinida ko‘zga tashlandi. Nemis OAVlariga ko‘ra, kema Barens dengizidan Boltiq dengiziga o‘tkazilgan.

Rossiya hukumati kemaning harakati va uning Boltiq dengizidagi vazifalari haqida rasman xabar bermagan. Taxminlarga ko‘ra, «Admiral Levchenko» – avvalroq Femarn-Belt bo‘g‘ozida patrul xizmatini o‘tagan va «fuqarolik floti kemalari xavfsizligini ta’minlagan» xuddi shu toifadagi kemani almashtirishi mumkin. Bu orqali asosan Rossiya neftini tashiydigan «soya floti» kemalari nazarda tutilmoqda.

Iyun oyi oxirida xuddi shu hududdan Shimoliy flotga tegishli bo‘lgan «Severomorsk» o‘z pozitsiyasini tark etgandi. Endilikda bu yerda qolgan bitta rus korvetiga «Levchenko» yordamga keldi.

Ma’lum qilinishicha, o‘zining baza portiga qaytish yo‘lida «Severomorsk» harbiy kemasi Germaniya kemasozlik zavodida qurilgan super yaxtani kuzatib borgan. Uni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan aloqador deyishadi. 2022-yilda AQSh uni Rossiya rahbariyatiga aloqador aktiv sifatida sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi.