AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda o‘tkazilgan brifingda Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam, jumladan Patriot havo mudofaasi tizimi uchun raketa-to‘suvchilar va uzoq masofali raketalar yetkazib berish masalasiga munosabat bildirdi.
Jurnalistlarning Vashington Kiyevga qo‘shimcha raketalar yuboradimi, degan savoliga Tramp: «Bizga o‘zimizga ham raketalar kerak», deya javob berdi.
Shu bilan birga, u Jo Bayden ma’muriyatini Ukrainaga ko‘rsatilgan harbiy yordam sabab AQSh qurol-yarog‘ zaxiralarini jiddiy kamaytirganlikda aybladi.
«Bayden Zelenskiyga 300 milliard dollarlik o‘q-dorilar berdi. Men lavozimdan ketganimda omborlar to‘la edi, ammo u ularning katta qismini tarqatib yubordi. Hozir biz bu zaxiralarni qayta tiklayapmiz», - dedi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, AQSh armiyasi hozir ham yetarlicha qurol-yaroqqa ega. Prezident ayrim tizimlar eng zamonaviy emasligini tan olgan bo‘lsa-da, ular samaradorlik jihatidan yetarli darajada ekanini qayd etdi.
Bu bayonot Ukraina rahbariyati havo hujumlaridan mudofaa qilish uchun Patriot tizimlari raketa-to‘suvchilariga ehtiyoj kuchayganini yana bir bor ta’kidlagan paytga to‘g‘ri keldi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 1-avgustga o‘tar kechasi Rossiya amalga oshirgan ommaviy raketa hujumidan keyin hamkor davlatlarni havo mudofaasi uchun raketa zaxiralarini tezroq yetkazib berishga chaqirgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu vositalar «keyingi ehtimoliy ssenariylar uchun omborlarda emas, balki aynan hozir Ukrainaga zarur».











