SpaceX kompaniyasiga tegishli Falcon 9 raketa-tashuvchisining ishlatib bo‘lingan yuqori bosqichi kutilganidek Oyga tushdi. Hodisa 5-avgust kuni Yevropa Janubiy observatoriyasi (ESO) tomonidan Chilida joylashgan Very Large Telescope (VLT) teleskopi orqali qayd etildi. Mutaxassislar spektral tahlil orqali to‘qnashuv sodir bo‘lganini tasdiqladi.
Bundan avval AQShning Milliy aeronavtika va kosmik fazoni tadqiq qilish boshqarmasi (NASA) zarba berilgan hududni suratga olishini ma’lum qilgan edi. Biroq tasvirlarni Yerga uzatish bir necha kun davom etishi mumkin.
NASA hisob-kitoblariga ko‘ra, raketa bo‘lagining Oyga urilishi natijasida diametri taxminan 18 metr, chuqurligi esa qariyb 4 metr bo‘lgan krater hosil bo‘lishi kutilmoqda. Zarba Oyning Eynshteyn va Bell kraterlari yaqinida sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Falcon 9 raketa-tashuvchisi 2025-yil 15-yanvarda uchirilib, Blue Ghost 1 qo‘nish modulini muvaffaqiyatli ravishda Oyga yo‘naltirgan. Raketaning birinchi bosqichi Yerga qaytgan bo‘lsa, yuqori bosqichi ochiq kosmosda qolib ketgan.
SpaceX vakili Julianna Shaymanning tushuntirishicha, Quyosh faolligi hamda gravitatsiya ta’sirining birgalikdagi omillari sababli raketa bo‘lagi hisoblangan trayektoriyadan og‘ib ketgan va rejalashtirilmagan holda Oy tomon harakatlangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur hodisa Yer aholisi uchun hech qanday xavf tug‘dirmagan. Biroq u kosmik chiqindilar bilan bog‘liq muammoni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.
Yevropa kosmik agentligi (ESA) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Yer atrofi orbitasida 46 mingdan ortiq kosmik chiqindi ob’yekti mavjud bo‘lib, ularning umumiy og‘irligi taxminan 17 ming tonnani tashkil etadi.











