Davlat xavfsizlik xizmati va Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda kottej uy savdosi bilan bog‘liq tovlamachilik holatiga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1979-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs hamda uning 1988-yilda tug‘ilgan ukasi mahalliy fuqaroga tegishli Toshkent tumanidagi kottejni 66 ming AQSh dollariga sotib olishga kelishgan.
Dastlab ular uy egasiga 30 ming AQSh dollarini to‘lab, qolgan 36 ming dollarni olti oy ichida berishga va’da qilgan. Shundan so‘ng, 2022-yil may oyida kottej 1976-yilda tug‘ilgan akasi nomiga notarial tartibda rasmiylashtirilgan.
Biroq, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, keyinchalik aka-uka qolgan 36 ming AQSh dollarini to‘lashdan bosh tortgan. Shuningdek, ular uy egasi pulni talab qilgan taqdirda unga nisbatan tazyiq o‘tkazish bilan tahdid qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda mazkur ish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.











