Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent shahar boshqarmasi Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda G.M. MChJ mas’ul shaxslari kompyuter texnikasi yordamida go‘yoki 76,2 milliard so‘mlik mahsulotlar xarid qilingani haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirgani aniqlangan.

Tekshiruvga ko‘ra, ular nazorat-kassa mashinalari orqali savdo tushumlarini sun’iy ravishda kirim qilib, fuqarolarga sotilgani haqida soxta xarid cheklarini rasmiylashtirgan. Keyinchalik ushbu cheklar Telegram orqali Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan 2 475 nafar fuqaroga 70–150 ming so‘mdan sotilgan.

Natijada Soliq Mobile ilovasi orqali 7,5 milliard so‘m keshbek hisoblangan bo‘lib, shundan 4,1 milliard so‘mi to‘lab berilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mablag‘lar byudjyet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Shunga o‘xshash holat departamentning Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan ham aniqlangan. Unda E.G. va I.F. MChJ mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, 10 milliard so‘mlik mahsulotlar xaridi haqida soxta ma’lumotlar rasmiylashtirgan.

Ular ham soxta xarid cheklarini Telegram orqali Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan 1 812 nafar fuqaroga 100–150 ming so‘mdan sotgan. Bu orqali 1 milliard so‘m keshbek hisoblangan bo‘lib, shundan 640,8 million so‘mi to‘lab berilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar va blankalarni qalbakilashtirish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.