Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamishning ma’lum qilishicha, navbatdagi hodisa 4-avgust kuni kunning birinchi yarmida sodir bo‘lgan. Navbatchilikda turgan Polsha qiruvchi samolyotlari Rossiyaning Il-20M razvedka samolyotini Boltiq dengizi ustida, Koshalin shahridan taxminan 56 kilometr shimoli-g‘arbida kuzatib borgan.
Vazirning ta’kidlashicha, Rossiya NATO davlatlari chegaralari yaqinida bunday parvozlarni muntazam amalga oshirib, alyansning hushyorligi va mudofaa tizimlari tayyorgarligini sinovdan o‘tkazishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
Polsha Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Yanush Seymey esa Rossiya samolyoti mamlakat havo hududini buzmaganini bildirdi. Shunga qaramay, Polsha harbiylari uni belgilangan tartibda kuzatib borgan.
Bu so‘nggi kunlardagi uchinchi shunday holatdir. Avvalroq Polsha harbiylari 3-avgust va 31-iyul kunlari ham Rossiyaning Il-20 razvedka samolyotlarini Boltiq dengizi ustida kuzatgani haqida xabar bergan edi.
Bundan tashqari, 30-iyul kuni Rossiyaga tegishli qanotli raketa Polsha hududiga kirib kelgan va portlagani ma’lum qilingan.
Varshavaning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda Rossiyaning Polsha sohillari yaqinida amalga oshirayotgan razvedka parvozlari yana faollashgan. Iyul oyi o‘rtalarida ham Polsha Harbiy-havo kuchlari uch kun ketma-ket Rossiya harbiy samolyotlarini ushlab qolgan.
Shuningdek, Polsha ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil sentyabrida kamida 19 ta Rossiya droni mamlakat chegarasini kesib o‘tgan bo‘lib, ularning aksariyati Belarus hududidan uchib kelgan. Ularni tutib olish uchun Polsha va boshqa NATO davlatlarining qiruvchi samolyotlari jalb qilingan.
O‘shanda Varshava bu holatni Rossiyaning ataylab uyushtirilgan harakati deb baholab, NATOning Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq ittifoqdoshlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishni so‘ragan. Moskva esa ushbu ayblovlarni asossiz deb atagan.











