O‘zbekistonning qator xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlari yaxshilanmoqda. Bu haqda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishida so‘z bordi.
Yig‘ilishga Oliy Majlis Senati raisi va Respublika kengashi raisi Tanzila Norboyeva rahbarlik qildi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekistonning bir qator xalqaro reytinglardagi pozitsiyasi sezilarli darajada mustahkamlangan. Xususan, xalqaro reyting agentliklari - Fitch Ratings va S&P mamlakatning suveren kredit reytingi kutilmasini «barqaror»dan «ijobiy»ga oshirdi. Moody’s esa O‘zbekistonning kredit reytingini «Va3» darajasidan «Va2» darajasiga ko‘tardi.
Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 14 pog‘ona yuqorilab, 184 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. Mamlakat 60,3 ball bilan ilk bor «o‘rtacha erkin» davlatlar qatoriga kirdi. Avvalgi yillarda O‘zbekiston «asosan erkin bo‘lmagan» davlatlar guruhida qayd etilgan.

«Ayollar, biznes va qonun» indeksida ham sezilarli o‘sish kuzatildi. O‘zbekiston 43 pog‘ona ko‘tarilib, 190 mamlakat orasida 48-o‘rinni egalladi. Mamlakat gender tenglikni ta’minlash va ayollarning iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha eng katta huquqiy islohotlarni amalga oshirgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etildi.

Yig‘ilishda yangi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro reytinglar bilan ishlash zarurati ham qayd etildi. Xususan, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi natijalarni baholovchi indekslarga alohida e’tibor qaratish taklif etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Oxford Insighs tashkilotining Hukumatning sun’iy intellektga tayyorgarlik indeksida O‘zbekiston 2020-yildagi 95-o‘rindan 2025-yilda 62-o‘ringa ko‘tarilgan va MDH hududida eng yuqori natijani qayd etgan davlatga aylangan.

Shu bilan birga, ekologik yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlar tahlil qilinib, Atrof-muhit samaradorligi indeksidagi natijalar muhokama qilindi. Yyel va Kolumbiya universitetlari tomonidan shakllantiriladigan mazkur indeksda O‘zbekiston 2026-yilda 177 davlat orasida 121-o‘rinni egallagan. Bu ko‘rsatkich 2024-yildagi 107-o‘ringa nisbatan pasayishni anglatadi.

Shu munosabat bilan sun’iy intellektga tayyorgarlik va atrof-muhit samaradorligi indekslarini ustuvor xalqaro reytinglar ro‘yxatiga kiritish hamda ular bo‘yicha tizimli ishlarni kuchaytirish tavsiya etildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, 2026-yil uchun belgilangan chora-tadbirlar rejasining ijrosi ko‘rib chiqildi. Muhokamalar yakunida O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yanada yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha vazifalar belgilandi va Respublika kengashining tegishli qarori qabul qilindi.











