Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida birinchi davra o‘yinlari tugadi. Amaldagi chempion «Neftchi» hamon yetakchilik qilmoqda. «Paxtakor» ikkinchi, o‘tgan yolgi kubok finalchisi «Buxoro» uchinchi o‘rinda. Odatda birinchi davradan keyin tanaffus bo‘lar, puli borlar biror yerda yig‘in o‘tkazib kelardi. Transfer oynasi ham tanaffus vaqtida ochiq bo‘lardi. Biroq bu yil JCh sabab taqvim o‘zgarib ketdi, ikkinchi davra ertadan boshlanadi.
Bu yilgi chempionat doimgidan ko‘p muhokama qilinmoqda, JCh sabab emas, davlat futbol klublariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul berishi ochiq-oydin e’lon qilina boshlagani uchun. Klublar davlatdan qanaqa katta pul olishini bilgan oddiy odamlar o‘zbek futboliga nisbatan keskin fikr bildirmoqda. Bu yildan klublar yangi reallikka duch kelmoqda.
Quyida yuqori diviziondagi birinchi davra yakunlari, tarqalish yoqasiga kelib qolgan klublar, iroqlik futbolchilarni to‘playotgan «Paxtakor» va JChdan keyin amalga oshgan ilk yirik transfer haqida gaplashamiz.
«Neftchi» yetakchi
O‘quvchilarimizning hammasi ham futbolga qiziqmaydi, shu sabab qisqacha futbol bo‘yicha O‘zbekiston yuqori divizioni haqida ma’lumot berib ketsam. Yevropada bir davlatda 4-5 talab professional ligalar borligi haqida eshtgan bo‘lsangiz kerak. Bizda faqat bitta professional liga bor, uni Superliga deb atashadi. Ligadagi barcha jamoalar, qanday yo‘l bilan bilmadim, har yili OFK litsensiyasidan eson-omon o‘tadi. Ya’ni, Osiyo miqiyosidagi musobaqalarda qatnashishi mumkin degan hujjat oladi.
Lekin eng yuqori diviziondagi jamoalarning aksarini professional deyish qiyin. Har yili bir nechta jamoa mavsumni o‘z stadionida o‘tkazmaydi, aksar stadionlarda Wi-Fi ishlamaydi, kiyinish xonalarida issiq suv yo‘qligi haqida ham tez-tez eshitib qolamiz. Ba’zi stadionlarga kirish bepul, Toshkentdagi stadionlarga kirayotganingizda lotereya ham berib qolishadi. Xullas, ana shunaqa o‘zimizga yarasha Superliga. Musobaqada 16 jamoa qatnashadi. Deyarli barcha viloyatning bosh jamoalari. Faqat Qoraqalpog‘iston va Sirdaryodan jamoa yo‘q. «Orol» hozircha Pro-Ligada, «Guliston» Birinchi ligada yetakchi.
O‘tgan yili Farg‘onaning «Neftchi» jamoasi 24 o‘tib yana O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Jamoa hozir ham 36 ochko bilan javdalda yetakchi. Islom Ismoilov murabbiyligidagi farg‘onaliklar birinchi davrada o‘tkazilgan 15 ta o‘yinning 11 tasida g‘olib bo‘ldi, 3 ta o‘yinda durang o‘ynadi va faqat 1-marta – o‘z maydonida «Paxtakor»ga yengildi. «Neftchi» birinchi davrada hammadan ko‘p 33 ta gol urib, hammadan kam 6 ta gol o‘tkazib yubordi. To‘plar nisbati +27, haqiqiy yetakchi.
«Paxtakor» 34 ochko bilan ikkinchi o‘rinda. O‘zbekistonning eng boy odamlaridan biri Jahongir Ortiqxo‘jayev homiylik qilayotgan «Paxtakor» ham birinchi davrada faqat bir marta, o‘z maydonida «Navbahor»ga yengildi. Toshkentliklarda durang ko‘proq, shuning evaziga «Neftchi»dan ortda qolishmoqda. Kuchli uchlikni ko‘pchilik uchun kutilmaganda «Buxoro» yakunlab turibdi. Aleksandr Xomyakov jamoasi bejizga uchlikda bormayapti. Buxoro o‘tgan yil kubok finaligacha yetib borib hakamning shubhali qarori sabab «Paxtakorga» yengilgandi.
«Neftchi» va «Paxtakor» qolganlardan ilgarilab ketgan, keyingi o‘rinlar juda zich. «Buxoro»da 26 ochko bo‘lsa, keyingi o‘rinlardagi jamoalarda 25, 24, 22 ochkodan bor. Masalan, «Buxoro» ertaga Toshkentda «Paxtakor»ga yengilsa, OKMK, «Navbahor» yoki «Nasaf» uchinchi o‘ringa chiqib ketishi mumkin.
Vodiy derbilari
Mavsumlar oralig‘ida vodiy jamoalari transfer uchun katta pul sarflab uchalasi ham chempionlik uchun kurashishini ma’lum qildi. Lekin hozircha uchlikda vodiydan faqat «Neftchi» bor. «Navbahor» Temur Kapadze murabbiyligida yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda, lekin hozir beshinchi o‘rinda.
Mavsumni Babayan bilan boshlagan «Andijon» kutilgan natijaga erishavermagach, borey deb o‘rinbosarlar jamoasi murabbiyi Islom Ahmedovni bosh murabbiy etib tayinladi va ishlari yurishib ketdi. Hozir Andijon 21 ochko to‘plagan holda 8-o‘rinda, asosiy ochkolar aynan yosh murabbiy bilan qo‘lga kiritildi. Agar mavsum boshidan shu murabbiy ishlaganda, balki natija boshqacharoq bo‘lardi.
«Dinamo» va «Nasaf»da pasayish
O‘tgan yil chempionlik uchun kurashgan voha jamoalari «Nasaf» va «Dinamo» uchun birinchi davra yomon o‘tdi. Har ikki jamoa mavsum startida moliyaviy murakkab holatda qolgani natijalarga salbiy ta’sir qildi. O‘tgan mavsum ikkinchi bo‘lgan «Nasaf» hozircha 6-o‘rinda. «Dinamo» esa JCh pauzasidan keyin o‘tkazilgan 4 o‘yinda 10 ochko olib, ahvolini biroz yaxshiladi va 9 o‘ringa ko‘tarildi. Abramov jamoasi bu yil ham chempionatning eng quvnoq jamoasi bo‘lib turibdi. «Dinamo» eng ko‘p gol urganlar orasida ham uchinchi, eng ko‘p o‘tkazib yuborganlar orasida ham uchinchi o‘rinda.
To‘purarlar
Shaxsan mening fikrimcha, Superliganing eng yaxshi futbolchisi Lyupcho Doriyev 11 ta gol bilan to‘purar bo‘lib turibdi. «So‘g‘diyona» xavfli hududda ekani ham makedoniyalik futbolchi to‘purarlikni davom ettirishiga xalaqit berolmayapti. Darvoqe, «So‘g‘diyona» Doriyev bilan shartnomani 5 yilga uzaytirganini ham ta’kidlash kerak. Aksar shartnomalar 6 oyga imzolanadigan bizning chempionat uchun bunaqasi noodatiy hisoblanadi. Yangi kelishuvdan keyin Doriyev O‘zbekiston chempionatidagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilardan biriga aylangani aytilmoqda.
Mundial tanaffusidan keyingi 4 ta o‘yinda 5 ta gol urgan «Dinamo» sardori Anvarjon Hojimirzayev to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ikkinchi yoshligini o‘tkazayotgan Temurxo‘ja Abduxoliqov hisobida sakkizta gol bor. Keyingi o‘rinlardagi to‘purar yettitadan gol urgan.
Transferlar
Hozir ham Superligada transfer oynasi ochiq, jamoalar futbolchi olish bilan band. Eng shov-shuvli transferni «Paxtakor» amalga oshirdi. Iroq milliy jamoasining asosiy futbolchilaridan biri Ayman Hussayn toshkentliklar safiga kelib qo‘shildi. Shu tariqa «Paxtakor»da iroqlik futbolchilar soni uch nafarga yetdi va ularning barchasi milliy jamoa a’zolari. Ayman Hussayn Toshkent klubida yiliga 1 million dollar maosh olishi aytilmoqda.
Yana bir e’tirofga arzirli transferni «Dinamo» amalga oshirdi. Samarqandliklar himoyachisi Jahongir O‘rozov Rossiyaning «Rubin» jamoasiga sotib olish sharti bilan ijaraga berildi. Himoyachi shartnomada ko‘rsatilgan shartlarni bajara olsa, Qozon klubi uni «Dinamo»dan sotib olishi mumkin.
Bu transfer atrofida juda ko‘p mish-mishlar bo‘ldi. O‘rozov bundesligaga «Borussiya» Myunhegladbax jamoasiga o‘tishi haqida ko‘p gapirildi, lekin afsuski, bularning barchasi futbolchining atrofidagi odamlar o‘ylab topgan uydirma bo‘lib chiqdi. «Dinamo»ga JChdan keyin faqat bir jamoa, aynan «Rubin» rasmiy taklif bilan chiqib, himoyachini qo‘lga kiritgan. Boshqa hech bir klubdan taklif bo‘lmagan.
JChda o‘ynagan futbolchilarimizdan faqat bir nafari Yevropaga, u ham qit’a musobaqalaridan chetlatilgan Rossiyaga transfer qilingani, qolgan futbolchilar hozir o‘ynayotgan jamoasidan kuchliroq klubga o‘tmagani O‘zbekiston mundialda qanday o‘ynaganini ko‘rsatib turibdi.
Tanqidlar
Ushbu mavsumdan boshlab futbolga qiziqmaydigan o‘zbekistonliklar mahalliy klublar davlatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul olishini bilib hayratga tushdi. Har bir shaharda o‘nlab, yuzlab ta’mirtalab ko‘chalar asfalt, kasalxonalar jihoz, maktablar isitilishini kutayotgan bir vaqtda davlat har bir klubga byudjyet mablag‘laridan 35 milliard so‘mdan pul berilishini e’lon qildi.
Odamlar bunday katta pul hech qanday iqtisodiy foyda keltirmaydigan futbolga yo‘naltirilganidan shokka tushgan bo‘lsa, klublar bu pulning juda kamligidan (!) shokka tushdi. Ha, azizlar, o‘zbek futbolida maoshlar shunaqa kattaki, 35 milliard urvoq ham bo‘lmaydi. Yil boshida futbolchilar bilan katta-katta shartnomalar qilib qo‘ygan klublar bu pulni eshitib hayratdan yoqa ushladi!
«Bunyodkor» kabi jamoalar safarga borish uchun pul topolmay qoldi va davlat bittagina o‘yinga borolmagan «qaldirg‘ochlar»ga 5 milliard so‘m tashlab berdi! Bilishimcha, bu qo‘shimcha pul emas, o‘sha 35 milliard ichidagi puldan berilgan. Nima bo‘lsa ham, odamlar atrofidagi ijtimoiy muammoni ko‘rib turgan bir vaqtda futbolga yuz milliardlab pul ajratilishini eshitib xafa bo‘ldi.
Sizlarni xafa qilmoqchi emasman, lekin o‘n yillar davomida futbolga davlat korxonalaridan bundan ancha ko‘p pullar ajratib kelingan. Davlat ana shu pulni kamaytirish, yaqin kelajakda butkul nolga tenglashtirish haqida o‘ylayapti degan yaxshi gumondaman...










