Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-maydan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni vaucher asosida ta’lim olishiga ko‘maklashuvchi zamonaviy assistiv (yordamchi) jihozlar bilan ta’minlash tizimi joriy etiladi.

2027/2028 o‘quv yilidan nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihoni va nogironligi bo‘lgan pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish, umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy sertifikat olish bo‘yicha imtihon (sinov)da:

belgilangan vaqt me’yorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha vaqt beriladi hamda Brayl alifbosi, audio va elektron formatdagi imtihon materiallaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi;

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari (ixtisoslashtirilgan muassasalar)da o‘qitish bolaning individual ta’limga ehtiyojlari, funksional imkoniyatlari hamda o‘zlashtirish darajasiga muvofiq ishlab chiqiladigan individual ta’lim rejalari asosida tashkil etiladi.

2026-yil 1 sentyabrdan korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy o‘rta ta’lim xizmatini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga ushbu sinfda ta’lim oladigan har bir o‘quvchi uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratiladi:

Toshkent shahrida BHMning 11 baravari, viloyatlar markazi va Nukus shahrida BHMning 9,5 baravari, boshqa tuman (shahar)larda BHMning 8,5 baravari.