3-avgust kuni Orsha-Vostochnaya temiryo‘l stansiyasidan «Belarus–Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston» yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi yuk poyezdi jo‘natildi.

«Belarus temiryo‘llari» ma’lumotiga ko‘ra, poyezdga qariyb 4 ming tonna yog‘ochni qayta ishlash sanoati mahsulotlari va oziq-ovqat yuklangan. Ushbu yuklar O‘zbekiston bilan bir qatorda Qirg‘iziston va Tojikistonga ham yetkazib beriladi.

Ayni paytda, 30-iyul kuni yo‘lga chiqqan birinchi poyezd 4 ming kilometrlik yo‘lning qariyb 2,5 ming kilometrini bosib o‘tib, hozir Qozog‘iston hududi orqali harakatlanmoqda.

Loyihani amalga oshiruvchilarning ta’kidlashicha, «Slavyan karvoni» oziq-ovqat, kimyo, qurilish materiallari, yog‘ochni qayta ishlash va mashinasozlik mahsulotlari eksportchilari uchun yangi logistika imkoniyatlarini yaratadi. Shuningdek, mazkur yo‘nalish O‘zbekiston orqali Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari bozorlariga chiqish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

«Slavyan karvoni» loyihasi O‘zbekiston prezidentining joriy yil iyul oyida Belarusga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yo‘lga qo‘yilgan.