AQSh Moliya vazirligi huzuridagi Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) 23 iyul kuni Mayami shahrida ro‘yxatdan o‘tgan Bel-Kap-Steel kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar bekor qilinganini ma’lum qildi.
Ushbu kompaniya Belarusning «Belarus metallurgiya zavodi» (BMZ) aksiyadorlik jamiyati bilan qo‘shma korxona tashkil qilgan. BMZ mamlakatdagi eng yirik davlat sanoat korxonalaridan biri bo‘lib, po‘lat mahsulotlarini ichki bozor va eksport uchun ishlab chiqaradi.
Bel-Kap-Steel 2023 yil avgust oyida AQSh sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi. O‘sha vaqtda Yevropa Ittifoqi ham kompaniyaga qarshi cheklovlar joriy qilgan. OFAC o‘shanda BMZ Belarusdagi eng yirik davlat korxonalaridan biri ekanini, uning faoliyati Aleksandr Lukashenko hukumatiga millionlab dollar daromad keltirayotganini ta’kidlagan.
DW ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Belarusga nisbatan sanksiyalarni yumshatishni mamlakatda siyosiy mahbuslarni bosqichma-bosqich ozod qilish jarayoni bilan bog‘lamoqda. Bu jarayon 2025 yil oxiridan Minsk va Vashington o‘rtasidagi muzokaralar doirasida amalga oshirilmoqda.
2025 yil dekabr oyida AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Jon Koul Minskka tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan muzokaralar natijasida 123 nafar mahbus ozod qilingan. 2026 yil mart oyida yana 250 nafar mahbus erkinlikka chiqqan.
Shuningdek, aprel oyi oxirida Polsha va Belarus o‘rtasida «besh nafarga besh nafar» tamoyili asosida mahbuslar almashinuvi o‘tkazilgan. Keyinroq Jon Koul may oyida ham yangi almashinuvlar bo‘lishi mumkinligini bildirgan bo‘lsa-da, bu rejalar amalga oshmagan.
Siyosiy mahbuslarni ozod qilishga javoban AQSh Belarus moliya sektoriga nisbatan ayrim cheklovlarni yengillashtirdi. Jumladan, Belinvestbank, Belarus taraqqiyot banki va Belarus Moliya vazirligiga nisbatan qator cheklovlar bekor qilindi. Shuningdek, «Belaruskaliy», Belarus kaliy kompaniyasi hamda «Agrorozkvita» korxonalariga nisbatan saqlanib qolgan sanksiyalar ham to‘liq olib tashlandi.











