O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp: «Hamas qurolsizlanadi»

AQSh prezidenti Donald Tramp vositachilar va Hamas yetakchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar G‘azoda qurolsizlanish bo‘yicha kelishuvga olib kelganini ma’lum qildi. Biroq Hamas rasmiysi kelishuvni «qoralama» deb atadi.

«Bugun Tinchlik kengashi Hamas va G‘azodagi boshqa barcha qurolli guruhlarni TO‘LIQ QUROLSIZLANTIRISh bo‘yicha TARIXIY kelishuvga erishdi», deb yozdi Tramp. U qurolsizlanish bosqichma-bosqich amalga oshishini qo‘shimcha qildi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuv G‘azoning «Tinchlik kengashi» deb ataluvchi tuzilma bilan hamkorlik qiladigan yangi hukumat boshqaruvi olib boradi.

Hamasdagi manbaning Reuters’ga ma’lum qilishicha, «kelishuv qoralama»sida og‘ir qurollar faqat Falastin ma’muriyati nazorati ostida saqlanishi va ularni Isroilga o‘tkazib berish mumkin emasligi belgilangan.

«Biz Isroil G‘azo sektoridan olib chiqib ketilmaguncha, qurolsizlanish bo‘yicha hech qanday chora ko‘rmaymiz», dedi Hamas muzokaralar guruhi a’zosi G‘oziy Hamad Al Jazeera'ga.

Isroilning Vashingtondagi elchixonasi Trampning bayonotiga izoh bermadi. Payshanba kuni AQSh rasmiysi jurnalistlarga Isroil - «Hamasning qurolsizlanishiga juda shubha bilan qarayotganini» aytgandi. Manbaga ko‘ra, Trampning bayonotidan oldin Isroil ushbu taklifni rad etgan.

Jarayon qancha davom etishi haqida ham savollar yuzaga kelmoqda. Tinchlik kengashi rasmiysi bu taxminan 200 kundan 320 kungacha vaqt olishini aytdi.

Muzokaralarda ishtirok etayotgan diplomatning aytishicha, reja tunnellar, qurol zaxiralari va qurol ishlab chiqarish ob’yektlarini yo‘q qilishni o‘z ichiga oladi. U jarayon oxiriga borib G‘azoda Hamasning hech qanday infratuzilmasi qolmasligini ta’kidladi.

Ammo hozirgacha G‘azodagi mavjud real vaziyat kelishuv maqsadlaridan ancha yiroq. Hamas Isroilning G‘azoga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha majburiyat olishini va o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishini xohlaydi. Yengil yoki shaxsiy qurollar masalasi nima bo‘lishi, shuningdek, Hamasning yangi pozitsiyasi Isroil yoki Tinchlik kengashi tomonidan qabul qilinadimi-yo‘qmi, hozircha aniq emas.

Ispaniyada muhojirlar to‘lqini

So‘nggi kunlarda 1500 dan ortiq muhojir Ispaniyaning avtonom shahri Seutaga bostirib kirdi. Bu hudud - Gibraltar bo‘g‘ozining Afrika qirg‘og‘ida joylashgan va Marokash bilan chegaradosh. Eksklavda «humanitar va ijtimoiy favqulodda holat» yuzaga kelmoqda, dedi 30 iyul kuni avtonom shahar rahbari Xuan Vivas.

Keyinroq Seuta rasmiylari eksklavga yetib olishga uringan to‘qqiz kishi cho‘kib ketgani haqida xabar berdi. Ushbu muhojirlar oqimi 2021 yildan beri eng yirigi bo‘ldi, o‘shanda 10 000 dan ortiq kishi Seuta chegarasiga bostirib kirgandi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches hukumat – Seutadagi vaziyatga «zudlik bilan munosabat bildirish» uchun «barcha zarur resurslarni safarbar qilganini» aytdi. Mamlakat ichki ishlar vazirligi shaharda «xavfsizlikni saqlash uchun» harbiylar ko‘chirilishini e’lon qildi.

Ispaniya va Marokash Seutaga noqonuniy kirganlarni «eng qisqa vaqt ichida» Marokashga qaytarish niyatida.

Seuta rasmiylari muhojirlar oqimining keskin ko‘payishini Ispaniya Oliy sudining qarori bilan bog‘lashmoqda. Iyul oyida sud – dengiz orqali kelayotgan muhojirlarni tegishli tartib-qoidalarsiz darhol orqaga qaytarish mumkin emasligi haqida qaror chiqargandi.

Ispaniyaning Seuta va Melilya eksklav shaharlari orqali o‘tadigan yo‘nalish afrikaliklarning G‘arbiy Yevropaga migratsiyasining asosiy yo‘li hisoblanadi.

FIFA’da inqiroz

Yevropa futbolining boshqaruv organi bo‘lgan UEFA jahon futboli boshqaruv organi - FIFA musobaqalarini boykot qilmoqchi. Boykot, agar FIFA 20 milliard dollarga baholanayotgan yangi tijorat shu’ba korxonasini tashkil etsa va ozchilik ulushini sarmoyadorlarga sotish rejalarini amalga oshiradigan bo‘lsa, amalga oshadi.

Ushbu shu’ba korxona FIFAʼning tijorat huquqlari, xususan, uning musobaqalari uchun translyatsiya, homiylik, chiptalar sotuvi va litsenziyalash shartnomalari uchun javobgar bo‘ladi.

«Ushbu takliflar to‘liq bekor qilinmaguncha va FIFA o‘z boshqaruvi yoki musobaqalariga xususiy mulkchilikni boshqa hech qachon yo‘latmasligi haqida qat’iy kafolatlar bermaguncha, UEFA'ning hech qaysi milliy terma jamoasi FIFA musobaqalarida ishtirok etmaydi», deyiladi UEFA bayonotida.

«Jahon chempionatiga sarmoyaviy mahsulot sifatida qarash mumkin emas. Jahon chempionati sotilmaydi», deya qo‘shimcha qilingan bayonotda.

FIFA o‘zining 211 a’zo assotsiatsiyasiga ushbu sxemani yozma ravishda qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishlari uchun 19 sentyabrgacha muhlat berdi. Taklif qabul qilinishi uchun oddiy ko‘pchilik ovozi va FIFA kengashining ma’qullashi talab etiladi.

Qarshiliklarga yuz tutgan FIFA prezidenti Janni Infantino chorshanba kuni kechqurun videomurojaat e’lon qilib, ushbu loyihani «o‘yinning butun dunyo bo‘ylab rivojlanishini tezlashtirish uchun oltin imkoniyat» deb atadi.

Boshqa tanqidchilar ushbu kelishuv daromadlarni ko‘paytirish va sarmoyadorlar ulushining qiymatini oshirish maqsadida ko‘proq turnirlar, jamoalar va o‘yinlarning tashkil etilishiga olib kelishidan xavotirda.

Hisobotni tanqid qilgan yagona konfederatsiya faqat UEFA emas. Shimoliy va Markaziy Amerika uchun javobgar bo‘lgan CONCACAF, shuningdek, Osiyo Futbol konfederatsiyasi ham taklif ular bilan maslahatlashmasdan ommaga e’lon qilinganidan xavotir bildirdi.

Rossiya raketasi NATO hududiga tushdi

Polsha rasmiylari mamlakat havo hududi buzilishi holatiga oydinlashtiruvchi ma’lumotlarni topish maqsadida Lyublin shahri yaqinidagi kraterni ko‘zdan kechirmoqda.

Politsiya va harbiylarning aytishicha, diametri 10 metr bo‘lgan krater - Ukrainaga qarshi yirik bombardimon kampaniyasi chog‘ida ehtimoliy Rossiya raketasining qulashi oqibatida yuzaga kelgan.

Bir necha kun oldin Rossiyaning hujumlari nafaqat Ukraina poytaxti Kiyevga, balki Lviv kabi g‘arbiy shaharlarga ham qaratilgandi. Polshadagi zarba nuqtasi Lyublin yaqinidagi dala bo‘lib, u Ukraina chegarasidan taxminan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Mahalliy politsiyaning ma’lum qilishicha, o‘sha tunda mahalliy aholi derazalarni zirillatib yuborgan kuchli portlash ovozini eshitgan. Shundan so‘ng politsiya tezda ulkan «krater» va «noma’lum ob’yekt qoldiqlari»ni topgan.

Polsha harbiylari NATO a’zosi bo‘lgan ushbu davlatning havo hududi buzilganini qayd etgach, F-16 qiruvchi samolyotini havoga ko‘targanini ma’lum qildi.

Polsha bosh vaziri Donald Tusk mudofaa va ichki ishlar vazirlari hamrohligida voqea joyiga bordi. Jo‘nab ketishidan oldin u «Rossiyaning g‘arbiy Ukrainaga qaratilgan ommaviy raketa hujumi vaqtida Polsha havo hududining buzilishi yuz berdi», dedi.

Tuskning aytishicha, «barcha dalillar bu - Rossiyaning X-101 qanotli raketasi ekaniga ishora qilmoqda». Lekin u «puxta tergov natijalaridan oldin barvaqt xulosa chiqarishni istamasligi»ni qo‘shimcha qildi.

NATO Polsha rasmiylari bilan yaqin aloqada ekani va ittifoq hududini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etishini ta’kidladi. To‘rt yildan ortiq davom etayotgan urush davomida Rossiya samolyotlari, dronlari va raketalari NATOga a’zo qator davlatlar havo hududini bir necha bor buzib o‘tdi.