Temur Malik va Buyuk ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasidagi yo‘l o‘tkazgichning bir qismi ko‘chib tushgani holati yuzasidan bir necha kishi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sudlanuvchilar

Jinoyat ishida 6 kishi sudlangan.

Bular:

  • Akmal Murodov – “O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” davlat muassasasi 12-turkumli umumiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari;

  • Sanjar Mannonov – “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM direktor o‘rinbosari – bosh muhandisi;

  • Zafar Sharaxmedov – “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM muhandislik texnik nazorat va bajarilgan ishlarni qabul qilish bo‘lim bosh mutaxassisi;

  • Abdumutal Isropilov – “O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” DM ishlar bo‘limi ish boshqaruvchisi;

  • Nurshod Mavlonov – “Yo‘l loyiha byurosi” MChJ 1-sun’iy inshootlarni loyihalashtirish bo‘limi loyiha bosh muhandisi;

  • Obid Adilov – “Grand nur yo‘l qurilish” MChJ direktori.

Sudlanuvchilarga garov ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ikki nafariga qo‘llangan qamoq va biriga qo‘llangan uy qamog‘i ehtiyot chorasi keyinchalik garovga o‘zgartirilgan.

Ayblov

Sud hukmiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-martdagi qarori bilan Toshkent halqa yo‘lining Temur Malik ko‘chasidan o‘tgan bir qismini hamda ushbu yo‘ldagi yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish va yangisini qurish belgilangan. Shu maqsadda “O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” DM va “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM o‘rtasida 1-bosqich uchun 2024-yil yanvar oyida qiymati 118 mlrd 996 mln so‘mlik, 2024-yil avgust oyida qo‘shimcha kelishuvlar bilan 94 mlrd 15 mln so‘mlik pudrat shartnomalari tuzilgan.

Qayd etilishicha, ob’yektda 4 ta monolit beton tayanch devorlari ostki qismidagi poydevor, tayanch devorlari, yer ishlari, qayta ko‘mish ishlari, ustki asos qatlami va tayanch devorlarining tashqi bezak ishlari bilan jami 6 mlrd 177 mln so‘mlik yaroqsiz qurilish ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, 433 mln so‘mlik bazalt geosetka va 766 mln so‘mlik qum-shag‘al aralashmasini yotqizish ishlari esa amalda bajarilmagan holda bajarilgan ishlar dalolatnomasiga kiritilgan.

Sud hujjatida sudlanuvchilar o‘zaro til biriktirgan holda jami 7 mlrd 377 mln so‘m miqdordagi byudjyet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani, buning oqibatida 12-mart kuni yo‘l o‘tkazgich tayanch devorining bir qismi qulab tushgani keltirilgan.

“Iqror emasmiz”

Sudlanuvchilarning 5 nafari aybiga iqrorlik bildirmagan.

Jumladan, Akmal Murodov o‘z ko‘rsatmasida o‘ziga qo‘yilgan ayblovdan norozi ekanini aytib, uni inkor qilgan. U ayblovdagi “7 mlrd 377 mln so‘m byudjyet mablag‘lari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingani oqibatida yo‘l o‘tkazgich tayanch devorining bir qismi qulab tushgani” holati maqbul dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topmaganini ma’lum qilgan.

“Jinoyat ishi materiallarida mutlaqo asossiz tarzda yaroqsiz qurilish ishlari amalga oshirilgan deb ko‘rsatilgan. Ushbu holat haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. “Toshkent halqa yo‘li” avtomobil yo‘lining 34–36 km qismini rekonstruksiya qilish ob’yekti bo‘yicha ishlar 2024-yil 1 sentyabrga qadar yakunlangan. Keyinchalik loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan. Ularning dastlabki variantlarida qum-shag‘al aralashmasi hamda bazalt geosetka yotqizish ishlari nazarda tutilmagan.

Ushbu ishlar faqat 2025-yil iyul oyida qo‘shimcha ishlar smetasiga bir tomonlama kiritilgan. Shu sababli, dastlabki tergov ko‘rsatgan 433 mln so‘mlik bazalt geosetka va 766 mln so‘mlik qum-shag‘al aralashmasini yotqizish ishlarini bajarishning imkoni bo‘lmagan.

Pudratchi tomonidan 6 mlrd 177 mln so‘mlik ishlar yaroqsiz emas, balki sifatsiz bajarilgan bo‘lib, shartnoma talablariga muvofiq bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklar hisoblanadi. Shu bois 7 mlrd 377 mln so‘m byudjyet mablag‘lari talon-toroj qilingani haqidagi xulosa haqiqatga va ish materiallariga muvofiq emas”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.

Qolgan 4 nafar sudlanuvchi ham aybiga iqrorlik bildirmasdan, shunga o‘xshash ko‘rsatmalar bergan.

Faqat Abdumutal Isropilov o‘ziga nisbatan e’lon qilingan ayblovga qisman iqror bo‘lgan. U sudda qurilish ishlari dastlab loyiha-smeta hujjatlarisiz bajarilganini, 1- va 2-bosqich bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlariga tirgak devorlar uchun qum-shag‘al aralashmasi hamda bazalt geosetka yotqizish ishlari kiritilmaganini, faqatgina 2025-yil iyul oyida ishlab chiqilgan qo‘shimcha ishlar smetasida mazkur ishlar kiritilganini ma’lum qilgan.

Ekspertlar xulosasi

Transport prokuraturasi qaroriga asosan respublika sud ekspertizasi markazi ekspertlari va bir nechta mas’ul tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida ob’yektda o‘rganish o‘tkazilgan.

Hukmda keltirilishicha, o‘rganish jarayonida quyidagi kamchiliklar aniqlangan va ular yo‘l o‘tkazgich tayanch devorining qulashiga sabab bo‘lgani aytilgan:

  • 3-sonli tayanch tirgak devorining monolit qismida yuqori qism anker armaturalarining pastki qismiga kirish uzunligi atigi 400–450 mm.ni tashkil etgan. Bu loyihada nazarda tutilgan 750 mm talabdan kam;

  • devor panjaralarini bog‘lovchi ko‘ndalang armaturalar loyihaviy qadamlarga rioya etilmasdan o‘rnatilgan;

  • betonning himoya qatlami qalinligi loyihaviy ko‘rsatkichdan oshib ketgan;

  • devor qalinligi o‘zgargan joylarda gorizontal sovuq choklar mavjud va aynan shu choklar bo‘ylab yuqori qism qulab tushgan;

  • betonlashtirish choklari konstruksiya mustahkamligini ta’minlaydigan tarzda joylashtirilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa-da, mazkur talablarga rioya etilmagan.

Mutaxassislar “agar qulab tushgan tayanch devor qurilish normalari va qoidalari hamda qurilishga oid boshqa normativ hujjatlar talablariga to‘liq rioya qilingan holda barpo etilganida, mazkur qulash holati yuzaga kelmagan bo‘lardi”, degan xulosaga kelgan.

Jazo

JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudi hukmi bilan sudlanuvchilar mansab soxtakorligi (JK 209-moddasi) hamda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (JK 167-moddasi) jinoyatlarida aybli deb topilgan. Ularga 1 yil moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 116,2 mln so‘mdan (biriga 112,5 mln so‘m) jarima jazosi tayinlandi.

Bosh prokuratura depozit hisobraqamiga qo‘yilgan jami 7 mlrd 377 mln so‘m pul davlat foydasiga o‘tkazilishi belgilandi. Hukmdan norozi taraflarga apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berishi yoki protest bildirish huquqlari tushuntirilgan.

Nima bo‘lgandi?

2026-yil 12-mart kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida 2024-yilda qayta qurilgan “Buyuk Turon” ko‘prigiga olib chiquvchi yo‘lning bir qismi o‘pirilib ketdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlardan ko‘rinishicha, o‘pirilish – yo‘l o‘tkazgichning Temur Malik ko‘chasidan Buyuk ipak yo‘li ko‘chasiga olib chiquvchi qismida sodir bo‘lgan.

Screenshot_1

“Buyuk Turon” ko‘prigi (“Troitskiy most” ham deyiladi) – Temur Malik ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida 128,6 mlrd so‘mga qayta qurilgan bo‘lib, 2024-yil avgust oyida – Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgandi.

Hodisadan hech kim jabrlanmagan. Voqea joyiga zudlik bilan avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar vakillari yuborilib, hodisa sodir bo‘lgan hudud o‘rab olingan.

gpa0mEL37iJOx8Oa8aXD_TTCspQ7GELN

Ko‘p o‘tmay yo‘l o‘tkazgich devori o‘pirilib tushishi videosi paydo bo‘ldi. Keyinchalik holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.