Oq uydagi uchrashuvlar
AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit har ikki uchrashuvni ham «ijobiy va samarali» deb ta’rifladi.
Zelenskiy Tramp bilan Rossiya ishtirokidagi tinchlik muzokaralarini qayta tiklash va Ukrainaga «Patriot» raketalarini ishlab chiqarish imkonini beruvchi kelishuvni muhokama qildi. Shu bilan birga Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalarni ilgari suruvchi AQShning yangi qonun loyihasini olqishladi.
«Biz diplomatiya haqida ham gaplashdik, diplomatik jarayonni faollashtirish muhim», dedi Zelenskiy Rossiya bilan to‘xtab qolgan tinchlik muzokaralariga ishora qilib.
Shuningdek, Zelenskiy dunyodagi eng yirik qurol ishlab chiqaruvchi - Lockhead Martin rahbariyati bilan ham uchrashganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishchi guruhlar «Patriot»larni «iloji boricha tezroq qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tish» yechimlari ustida ishlamoqda.
Isroil bosh vaziri esa Tramp bilan uchrashuvini «eng yaxshi suhbatlaridan biri» deb atadi.
Tramp bilan munosabatlari goh sovuq, goh iliq bo‘lib kelgan Netanyahu esa 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlar oldidan o‘zining qayta saylanish kampaniyasi uchun uning qo‘llab-quvvatlashiga erishmoqchi.
Shuningdek, ular Tramp vositachiligida tuzilgan Ibrohim kelishuvlarini ham muhokama qilgan. Tramp ushbu kelishuvlarga Saudiya Arabistonini ham qo‘shmoqchi.
Kunning ikkinchi yarmida har uchala yetakchi Vashington Milliy soborida senator Lindsi Gremning dafn marosimida ishtirok etdi. Iyul oyida yurak xastaligidan to‘satdan vafot etgan Grem - Isroilni ham, Ukrainani ham qo‘llab-quvvatlagan. U o‘z siyosiy faoliyati boshlarida Trampni qoralab, keyinchalik uning ashaddiy tarafdoriga aylangan mudofaa sohasidagi radikal-konservatorlardan edi.
So‘nggi oylarda Grem amerikaliklar orasida ommalashmagan Eron urushi sadoqatli himoyachisiga aylangandi. U, shuningdek, G‘azoni yer bilan yakson qilishni yoqlab chiqqani uchun tanqidlarga uchragan.
Yaponiyada kuchli zilzila
Seshanba kuni Yaponiyaning janubiy qismini larzaga keltirgan 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Oqibatda kamida 13 kishi halok bo‘ldi, minglab uylar elektr ta’minotisiz qolgan.
Zilzila epitsentri – 700 ming aholiga ega Kumamoto shahridan 20 kilometr janubda joylashgan. Hukumat eng kuchli silkinishlarni his qilgan hududlar aholisini yana kuchli zilzilalar ehtimolidan, shuningdek, ko‘chki xavfidan ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Prefektura bo‘ylab 260 mingga yaqin odamga evakuatsiya markazlariga borish ko‘rsatmasi berilgan. Chorshanbaga kelib ham hududda 36 mingdan ortiq uy elektr ta’minotisiz qolmoqda.
Zilzila hududi bo‘ylab qutqaruv va tiklash ishlariga yordam berish uchun 4500 dan ortiq askarlar jalb qilingan.
Jamoatchilik e’tibori prefekturadagi eng yirik Aeon savdo markazi qulashiga qaratildi. 200 ga yaqin do‘konni o‘z ichiga olgan savdo markazining bir tomoni uzilib tushgan. Vayronalar avtoturargoh bo‘ylab sochilib ketgan.
Hukumat Aeon savdo markazida zilziladan keyingi ehtimoliy gaz portlashini tergov qilmoqda. Qutqaruvchilar bino ichida gaz hidini sezganini xabar qilishdi, biroq hodisa sabablari hali ham o‘rganilmoqda. Savdo markazining 30 nafargacha xodimi bedarak yo‘qolgan.
Zilzila oqibatida yana bir zavodda mo‘rining qulashi oqibatida yetti kishi bedarak yo‘qolgan, to‘rt kishi esa og‘ir jarohat olgan.
Ba’zi yo‘llar ham jiddiy shikastlangan: yirik yoriqlar asosiy avtomagistrallar parchalanib ketishiga va transport harakatining to‘xtashiga olib keldi.
AQSh va Saudiya kuchlari Iroqqa zarba berdi
AQSh harbiylari Saudiya Arabistoni kuchlari bilan birgalikda Iroq sharqida Eronga aloqador guruhlarga qarshi yuqori aniqlikdagi zarbalar berdi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki mamlakat qiruvchi samolyotlari bir nechta qurol-yarog‘ omborlari va logistika ob’yektlariga zarba bergan. Operatsiya o‘tgan 72 soat ichida uyushtirilgan 30 dan ortiq dron hujumlaridan so‘ng amalga oshirilgan. AQSh harbiylari Erondagi Muhofizlar korpusini AQSh qo‘shinlari va Saudiya energetika infratuzilmasiga qilingan hujumlarni boshqarganlikda aybladi.
Iroqning Xalq safarbarlik kuchlari ularning Basradagi bosh qarorgohiga zarba berilganini ma’lum qildi. Ular aniq soni ochiqlanmagan holda odamlar halok bo‘lgani va jarohatlanganini bildirdi.
Avvalroq Centcom AQSh kuchlariga qarata uchirilgan bir nechta ballistik raketalarni o‘z ichiga olgan Eronning «kutilmagan hujumi»ni barbod qilganini aytgandi.
Eron harbiylari esa chorshanba kuni ertalab Iordaniyadagi AQSh aviabazasi va Markaziy qo‘mondonlik markazi tomon bir nechta ballistik raketalar uchirganini ma’lum qildi.
Ushbu hujumlar Tramp - muzokaralar uchun ko‘proq vaqt berish maqsadida zarbalarni to‘xtatib turganiga qaramay sodir bo‘lmoqda.
Ryazanga dronlar hujumi
Chorshanba kuni Ryazan yaqinidagi Wildberries omborlari ham Ukraina hujumi oqibatida yonishni boshladi. Bu haqda 29 iyul kuni Ukrainaga aloqador kanallar OSINT tahlillari natijalariga tayanib xabar berdi. Tarmoqlarda obunachilari tomonidan yuborilgan va yong‘in sodir bo‘lgan joy ekani aytilayotgan tasvirlar e’lon qilinmoqda.
Hujumga uchragan WB ombori Tyushevo qishlog‘i yaqinidagi industrial park hududida joylashgan. Keyinroq kompaniyaning o‘zi ham «hududdagi logistika ob’yekti xavfsizlik talablariga muvofiq evakuatsiya qilingani»ni yozdi.
Shu bilan birga, Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkin «dron qoldiqlarining qulashi oqibatida sanoat hududlarida yong‘in kelib chiqqani»ni ta’kidladi. Biroq u jabr ko‘rgan kompaniyalar nomini keltirmadi. 6 kishi jarohatlangan.
Bundan tashqari, «Rosneft»ning Ryazandagi neftni qayta ishlash zavodida ham yong‘in qayd etilgan. Zavod dronlar hujumi tufayli may oyi o‘rtalarida ishlab chiqarishni to‘xtatib qo‘ygandi.
18 iyuldan boshlab Ukraina kuchlari Wildberries'ning Rossiya bo‘ylab logistika hablariga qator hujumlar uyushtirib kelmoqda. Ukraina tomoni marketpleysni urushga harbiy texnikalar yetkazib berishda ayblamoqda.
Apple $5 trillionlik marrada
Seshanba kuni Apple kompaniyasining bozor kapitallashuvi o‘z tarixida birinchi marta qisqa muddatga 5 trillion dollardan oshdi. Bu bilan u Nvidiaʼdan keyin ushbu marraga erishgan tarixdagi ikkinchi kompaniyaga aylandi.
Savdo sessiyasi davomidagi uning aksiyalari eng yuqori narx - 342,89 dollarga yetganida, Appleʼning bozor qiymati 5,036 trillion dollarni tashkil etdi. Bozorlar yopilishidan oldin uning qiymati 4,9 trillion dollarga tushdi, ammo yetakchilikni saqlab qolmoqda.
Apple shu oy boshida – 2025 yil iyunidan beri yetakchilik qilib kelayotgan chip ishlab chiqaruvchisi Nvidiaʼni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylangandi.
Apple o‘z mahsulotlariga bo‘lgan kuchli talabdan, shuningdek, yirik texnologik raqobatchilari o‘rtasida davom etayotgan sun’iy intellekt xarajatlari poygasini chetlab o‘tish qarori tufayli foyda ko‘rdi.
iPhone ishlab chiqaruvchisi yangilangan Siri kabi xizmatlarni ishlashi uchun Googleʼning sun’iy intellekt texnologiyasiga tayandi. Shu orqali ma’lumotlar markazlariga kiritiladigan ulkan infratuzilma xarajatlaridan qochdi.
Reutersʼning yozishicha, joriy yilda Apple aksiyalari qariyb 25 foizga qimmatlashdi va «kuchli yettilik»dagi barcha texnologik kompaniyalarni ortda qoldirdi.
Apple payshanba kuni bozor yopilganidan so‘ng o‘zining uchinchi chorak daromadlari haqida hisobot berishi belgilangan. Tahlilchilar choraklik daromad o‘tgan yilgiga nisbatan 15 foizdan ko‘proqqa o‘sishini kutmoqda.










