Ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor tumani, Orzu massividagi qurilish ob’yektida yer o‘pirilib tushgani, jarohatlanganlar borligi haqida xabarlar tarqaldi.

Xabarlarda aytilishicha, ko‘pqavatli uyga tutash tarzda qurilish ishlari olib borilgan, ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlangan, kommunikatsiya tarmoqlariga shikast yetkazilgan. Fuqarolarning ko‘p bor murojaat qilishlariga qaramasdan qurilish davom etgan.

Toshkent shahar hokimligining bildirishicha, vaziyat Toshkent shahar hokimining nazoratiga olingan bo‘lib, uning topshirig‘iga binoan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari, Olmazor tumani hokimligi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida tezkor maxsus komissiya tuzildi.

Voqea joyida fuqarolar xavfsizligiga tahdidni bartaraf etish, xavfli hududni o‘rab olish va unga kirishni cheklash bo‘yicha birlamchi choralar ko‘rilmoqda. Mutaxassislar hodisa sabablarini, shuningdek, yondosh hudud, yo‘l qoplamasi va muhandislik kommunikatsiyalarining holatini o‘rganmoqda.

Tekshiruv natijalari bo‘yicha mas’ul shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablari va qurilish me’yorlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan barcha shaxslar, shubhasiz, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda hodisa oqibatida jabrlanganlar va tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar yo‘q.